Farg‘ona kadastr boshqarmasi boshlig‘i yig‘ilishda so‘kindi

Farg‘ona kadastr boshqarmasi boshlig‘i yig‘ilishda so‘kindi

Avvalroq, ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘ona viloyati kadastr boshqarmasi boshlig‘i Nodir Mashrapov xodimlari bilan o‘tkazgan yig‘ilishda kurakda turmaydigan so‘zlar bilan haqorat qilgani aks etgan video tarqaldi. Holat yuzasidan Kadastr agentligi izoh berdi.

Qayd etilishicha, holat 2024 yilning 3 may kuni Kadastr agentligi Farg‘ona viloyati boshqarmasi hamda bo‘lim boshliqlari ishtirokida hududda yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallash va ulardan noqonuniy foydalanish holatlarini aniqlash, bartaraf etish bo‘yicha belgilangan vazifalarni ijrosini bajarilishi hamda yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan yuborilgan murojaatlarni o‘z vaqtida sifatli ko‘rib chiqish bo‘yicha o‘tkazilgan tahliliy, tanqidiy yig‘ilish jarayonida sodir bo‘lgan.

Boshqarma boshlig‘i yig‘ilish davomida xodimlar tomonidan yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni tahlil qilish vaqtida asablarini jilovlay olmagan. Agentlik tomonidan boshqarma boshlig‘iga nojo‘ya so‘zlarni ishlatgani uchun "hayfsan" intizomiy jazo chorasi qo‘llanilgan hamda tushuntirish ishlari olib borilgan.

"Kadastr agentligi bu kabi holatlarni o‘z holiga tashlab qo‘ymaydi. Xodimlarning ishchanlik kayfiyatiga hamda mehnat samaradorligiga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan holatlar jiddiy nazoratga olinadi hamda qonunchilikda belgilangan tartibda jazo choralari qo‘llaniladi", - deyiladi xabarda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!