Dorixonalardagi narxlar «o‘yini»ga chek qo‘yish masalasi nega qog‘ozda qolib ketyapti?

Dorixonalardagi narxlar «o‘yini»ga chek qo‘yish masalasi nega qog‘ozda qolib ketyapti?

«Shifokor menga «Utrojestan 200 mg» dorisini yozib berdi. Do‘xtir qabulidan chiqib, dorixonaga oshiqdim. Narxini so‘rasam, 124 ming so‘m. Navbatdagisiga kirdim — 130 ming. Undan keyingisi 116 ming. Yana ham arzonga uchrashi mumkin, degan o‘y bilan yon-atrofdagi dorixonalarga bittama-bitta kirdim. Narx goh yuqoriga, goh pastga «o‘ynardi». Bir soatcha aylanib yurib, dorini 115 ming 500 so‘mga sotib oldim. Eng yuqori ko‘rgan narx esa naqd 140 ming so‘m bo‘ldi. Aslida 107 ming so‘mga ham bor edi. Ammo u yerga xarajat qilib, qaytib bormadim». 

Tahririyatimizga Namangan viloyatidan qo‘ng‘iroq qilgan Dilnoza ismli ayol shu masala nega hamon muammo bo‘layotgani haqida aytib qoldi. Aslida ushbu holat ko‘pchilikka tanish bo‘lsa kerak. Biror dorini xarid qilmoqchi bo‘lib dorixonaga qadam qo‘ygan kishi borki, sotuvchidan kamalak ranglari singari turfa narxlarni eshitadi. Mayli, nisbatan arzon dori-darmonlar uchun ehtimol, bu unchalik ahamiyatli emasdir. Lekin e’tibor bersak, preparat narxi qancha qimmat bo‘lsa, dorixonalararo tafovuti ham shunga «mos ravishda» oshib boraveradi. Yuqoridagi holat bunga yaqqol misoldir.

Qo‘limizda uzundan-uzun resept bo‘lsa-chi? Bittama-bitta dorixonaga kirib chiqishga to‘g‘ri keladi. Oxirida eng arzon joydan sotib olamiz. Dorilarning bari o‘sha yerda topilsa-ku, yaxshi. Agar chiqmasa, qimmatroq hisoblab bergan dorixonadan u qancha farq qilishidan qat’i nazar, xarid qiladiganlar bor. Bu — azbaroyi hafsalasi pir bo‘lgani yoki majburligi tufaylidir.

Shu tobda har qanday iste’molchida haqli savol tug‘iladi: nega dorixonalarda bir turdagi dorining narxi keskin farq qiladi? Uning qiymati nimaga asoslanib shakllanadi?

Foizi aniq

Dastlab, hujjatlarga nazar solsak. Prezidentimizning 2016 yil 31 oktyabrdagi «Aholini dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlashni yanada yaxshilashga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga asosan,  2017 yil 1 yanvardan boshlab chetdan olib kelinadigan, shuningdek, mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilaridan sotib olinadigan dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlarini ulgurji va chakana sotish, ularni yetkazib berishda ishtirok etuvchi vositachilar sonidan qat’i nazar, ulgurji savdo uchun sotib olingan qiymatidan 15 foizdan, chakana savdo uchun ulgurji narxidan 20 foizdan ortiq bo‘lmagan miqdorlarda belgilanadigan cheklangan savdo ustamalari qo‘llanilgan holda amalga oshirilishi ko‘rsatilgan.

Davlatimiz rahbarining 2018 yil 20 iyundagi «Dori vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish samaradorligini oshirish va aholini ular bilan ta’minlashni yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoniga ko‘ra esa, Sog‘liqni saqlash vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligining ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlarini qat’iy narxlarda sotish to‘g‘risidagi talabi bekor qilingan. 

Ushbu farmasevtika mahsulotlari ro‘yxati 299 ta dori preparatini o‘z ichiga olgan. Shundan 98 tasi mahalliy, 201 tasi chetdan olib kelinadigan import dorilar. Biroq mazkur o‘zgarish bozor to‘liq liberallashganini anglatmaydi. Balki, chetdan olib kelinadigan, shuningdek, mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilaridan sotib olinadigan dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari belgilangan narxlarda sotilishi ko‘rsatilgan. Xususan, ijtimoiy ahamiyatga ega dorilar va tibbiy buyumlarga ulgurji savdo korxonalari eng ko‘p — 15 foizgacha, chakana savdo korxonalari — 20 foizgacha ustama qo‘yishi mumkin. Ijtimoiy dorixonalarda esa ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlarini sotish ularni sotib olish qiymati yoki ulgurji narxiga 10 foiz miqdorida yanada past cheklangan savdo ustamasi qo‘llanilgan holda amalga oshiriladi.

Osmondan olingan narxlar

Keling, endi narxlarni solishtiraylik. Hozirgi paytda biror dorining narxini bilish uchun ko‘chaga chiqish shart emas. Qo‘limizdagi mobil telefon yordamida dorixona ma’lumotlar tarmog‘iga qo‘ng‘iroq qilib, uning saytiga kirib yoki telegram tarmog‘idagi maxsus kanal orqali istalgan dorining narxini joylashgan manzili bilan bilishimiz mumkin. Xullas, ijtimoiy ahamiyatga ega ayrim dorilarning narx-navosi bilan tanishdik:

L-lizina essinat — 104 ming so‘mdan 128 ming so‘mgacha; (farq 23%)

Konvuleks 300 mg kapsula — 79 ming so‘mdan 95 ming so‘mgacha; (farq 20%)

Dyufaston №20 — 102 ming so‘mdan 125 ming so‘mgacha; (farq 22%gacha)

Siofor 850 mg — 52 ming 500 so‘mdan 66 ming so‘mgacha; (farq 26%gacha )

Infezol 40/250 — 52 ming so‘mdan 62 ming so‘mgacha; (farq 19%)

Geptral tabletkasi — 248 mingdan 298 ming so‘mgacha. (farq 20%)

Bular — poytaxtimizdagi ayrim xususiy dorixonalardagi narx-navo. Agar mana shu dorilarni butun Toshkent bo‘ylab so‘rab chiqsangiz, aminmizki, hamma dorixona ozmi-ko‘pmi, har xil aytadi. Faqat maxsus tarmoq dorixonalari bundan mustasno. Endi o‘zingiz o‘ylang: o‘rtadagi 20-26 foizgacha tafovutni qanday tushunish mumkin? Bu go‘yoki bir dorixona ikkinchi dorixonadan preparatni sotib olib, qayta savdoga qo‘yayotganga o‘xshaydi.

Ko‘rib turganingizdek, atigi beshta preparat bahosi bilan qiziqdik. Ro‘yxatda esa arzonu qimmatroq bo‘lgan 201 ta dori bor. Dorixonaning umumiy assortimenti esa ikki ming xil nomdagi mahalliy va xorijiy dorigacha yetadi. Endi ko‘z oldimizga keltiraylik: bitta dorida shuncha farq kuzatilsa, qo‘limizda boya aytilganday, uzundan-uzun resept bo‘lsa-chi? Oradagi farq qanchaga yetadi? Xo‘sh, bunga sabab nima?

Ma’lum bo‘lishicha, dorixonalar dorilarni turli narx va shartlarda xarid qiladi. Bunda mavsumiylik, talab va taklif kabi omillar ham inobatga olinadi. Deylik, dorixona biror firma yoki kompaniyadan qancha summadagi dori sotib olishiga qarab, unga chegirma foizi belgilanadi. Bu esa narxga ta’sir ko‘rsatmay qolmaydi. Qolaversa, xususiy dorixonalarda joyni ijara asosida olib ishlatayotganlar ko‘p. Boz ustiga, «ikkinchi qo‘l» masalasi bor.

Ammo mana shu «ikkinchi qo‘l»ni inobatga olgan taqdirda ham o‘rtadagi tafovut bunchalik katta bo‘lishi mumkin emas. To‘g‘ri, qonunda «dori-darmonlarni yetkazib berishda ishtirok etuvchi vositachilar sonidan qat’i nazar, chakana savdo uchun ulgurji narxidan 20 foizdan ortiq bo‘lmagan miqdorda belgilanadigan cheklangan savdo ustamalari qo‘llanilgan holda amalga oshiriladi» deyilgan. Ammo o‘zining savdosini o‘ylagan, mijozlarini yo‘qotib qo‘yishni istamaydigan har bir dorixona borki, o‘sha dorini «uchinchi yoki to‘rtinchi qo‘ldan» xarid qilmasa kerak har holda?! Faqat ikkinchi vositachidan oladi. O‘z navbatida, vositachi ulgurji tashkilot ekanini inobatga olsak, u mahsulotga 10-12 foizdan ortiq ustama qo‘ymaydi. Chunki raqobat bor. Demak, ikki dorixonaning narxlari o‘rtasidagi farq ham xuddi shu nisbatda bo‘lsa, mantiqqa to‘g‘ri kelar edi.    

Buni farmasevt-sotuvchining o‘zi ham tasdiqlaydi.

— Ko‘p yillardan beri dorixonada ishlayman, — deydi ­Baxtiniso Omonova. — Bugun aksariyat iste’molchi, dastavval, telefon orqali dorining narx-navosini bilib (poytaxtdagi asosan), shunga qarab o‘ziga qulay joydagi va maqbul narxdagini oladi. Shunday kezlar bo‘ladiki, ba’zi dorilar bizda arzon, narigi dorixonada sal qimmat, ularda arzoni esa bizda biroz baland. Bu holatni keltirib chiqaruvchi bir necha omil bor.

Masalan, sotib olgan doriga 20 foizgacha qo‘shimcha ustama qo‘ya olamiz. Agar dori-darmon vositalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri, «birinchi qo‘l»dan sotib olsak, uning narxi barqaror bo‘ladi. Ammo «birinchi qo‘l»dan har doim xarid qilishning imkoni yo‘q. Tugab qolishi bor. Shuning uchun vositachi orqali (olibsotar ulgurji firma) olganimizda 10 foizgacha qimmatga tushadi. Shu sababli narx biroz ko‘tariladi.

Sotuvchining ta’kidlashicha, dorixonalarda dori vositasining chakana bahosi turli narxda savdoga qo‘yilishi tabiiy hol. Bunda savdo korxonalari (dorixonalar) tomonidan mahsulot turli vaqtda, narxda, boshqa-boshqa ishlab chiqaruvchi yoki yetkazib beruvchidan xarid qilingan bo‘lishi va har xil ustama bilan sotilishi mumkin. Lekin dorixonalarda aynan bir nomdagi dori vositalari narxlari o‘rtasida 25-30 foizgacha katta tafovut bo‘lishi bu — insofsizlarcha narx belgilashni anglatadi, xolos.

«Faqat murojaat qilishingiz mumkin»

Maqolani tayyorlash jarayonida O‘zbekiston Respublikasi xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasiga ushbu masala yuzasidan ayrim savollar bilan murojaat etdik. Xususan, qo‘mita tomonidan joriy yilning shu davriga qadar narxlarning asossiz oshirilishi bilan bog‘liq qancha holat aniqlangani, bunday dorixonalarga nisbatan qanday choralar ko‘rilgani va kelgusida buning oldini olish maqsadida amalda qilinayotgan ishlar haqida so‘radik. Lekin bu borada o‘quvchi uchun muhim ma’lumot ololmadik. Qo‘mita raisining o‘rinbosari D. Yunusov imzosi bilan kelgan xatda biz yuqorida tilgan olgan ikkita hujjatdan parcha keltirilib, yana quyidagilar ma’lum qilingan:

«… dori vositalari va tibbiyot buyumlari yoki ularning ayrim turlariga qat’iy cheklangan chakana narx belgilanmagani sababli narxlar dorixonalarda (bir-biridan) bevosita farqlanishi mumkin».

Agar iste’molchida biror bir dori vositasining chakana narxida e’tirozlar bo‘lsa, tovar sotib olinganini tasdiqlovchi kassa/terminal va/yoki tovar cheki bilan qo‘mita yoki uning hududiy organlariga murojaat qilinsa, belgilangan tartibda ko‘rib chiqilar ekan.

Qiziq, biz qo‘mitadan nimani so‘radigu, ular qanday ma’lumotni taqdim etdi? Ochig‘i, tushunarsiz holat bu. To‘g‘ri, qonun tomonlarini tushunib turibmiz. Lekin nahotki qo‘mitaga aholidan bu borada biror marta murojaat tushmagan bo‘lsa? Axir, hamma dorixona peshtoqiga agar iste’molchida narx xususida e’tiroz tug‘ilsa, «Ishonch telefonlari»ga qo‘ng‘iroq qilishi mumkinligi yozib qo‘yilgan-ku!

Ijtimoiy dorixona — muammoga yechim

Bugun tadbirkorlarga keng imkoniyatlar yaratilgan. Ular ortiqcha tekshirishlardan ozod.  Biroq bu ularga istalgan narx-navoni qo‘yish huquqini bermaydi. Ayniqsa, dorixona ishida. Zero, mamlakatimizda farmasevtika sanoati bundan yigirma yillar avvalgi holatidan butunlay farq qiladi. Sohada izchil islohotlar amalga oshirilishi natijasida aholining sifatli dori-darmon vositalariga bo‘lgan talabi qondirib kelinyapti. Qolaversa, ijtimoiy dorixonalar tarmog‘i ochildi.

Afsuski, ularning ko‘pi, asosan, poytaxtda joylashgan. Joylarda, ayniqsa, chekka-chekka hududlarda ular soni qancha ko‘paysa, shuncha yaxshi. Bu ayrim xususiy dorixonalarga narx siyosatini qaytadan ko‘rib chiqishga undagan bo‘lardi...

Manba: ot-pres. uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!