Ozish uchun kaloriyalarni hisoblashdan ko‘ra, ovqatlanish vaqtini tartibga solish muhim

Ozish uchun kaloriyalarni hisoblashdan ko‘ra, ovqatlanish vaqtini tartibga solish muhim

JSST ma’lumotiga ko‘ra, 2022 yilda dunyo bo‘ylab har sakkiz kishidan biri semirishdan aziyat chekkan. Bu masalaning muammoligi shundaki, ortiqcha vazn ko‘plab kasalliklarga sabab bo‘lishi mumkin.

Ushbu global muammoni hal qilish yo‘lida ko‘plab tadqiqotlar olib borilmoqda. Ulardan biri davomida diabet oldi yoki diabetga chalingan va semizlikdan aziyat chekuvchi katta yoshli insonlar orasida sinovlar o‘tkazildi. Ko‘ngillilar ikki guruhga bo‘linib, ularning har biriga alohida parhez tayinlandi.

Birinchi guruh vakillari cheklangan vaqt davomida ovqatlandi va kaloriyalarning katta qismini soat 13:00 gacha qabul qildi. Ikkinchisi esa odatiy ovqatlanish rejimiga amal qilib, kaloriyali ovqatlarni asosan kechqurun iste’mol qildi.

Ushbu tadqiqot maqsadlari uchun birinchi guruhga faqat soat 8:00 dan 18:00 gacha ovqatlanishga ruxsat berildi. Taqqoslash uchun, ikkinchi guruh vakillari ertalab soat 8:00 dan yarim tungacha ovqatlanishlari mumkin edi, bu ularga bir xil belgilangan kaloriyalarni hazm qilish uchun qo‘shimcha olti soat vaqt berardi.

Ikki toifa vakillari ham sezilarli miqdorda vazn tashladi. Boshqa belgilar, jumladan glyukoza darajasi, bel aylanasi, qon bosimi va lipid darajalarining o‘zgarishi ikkala guruhda ham o‘xshash edi. Bu esa ovqatlanish vaqti va kaloriyaning kunning qay vaqtida iste’mol qilinishi katta ahamiyatga ega emasligidan dalolat beradi.

Tadqiqot nisbatan kichik bo‘lsa-da, xulosalar vazn yo‘qotish usullarining samaradorligini tasdiqlaydi. Bundan tashqari, ma’lum vaqt oralig‘iga rioya qilib ovqatlanish vazn yo‘qotishga bevosita yordam bermasa ham, bu eng muhim omil — kunlik kaloriyalarni kamaytirishni hal qilishga xizmat qiladi.

Ko‘pchilik uchun kaloriyalarni hisoblashdan ko‘ra, ovqatlanish vaqtini tartibga solish osonroq bo‘lishi mumkin va bu tibbiyot xodimlari semizlik muammosi bo‘lganlar uchun tavsiya qilishi mumkin bo‘lgan yo‘ldir.

Tadqiqot xulosalari haqida fikr bildirgan diyetolog olim Krista Varadi va epidemiolog Vanessa Oddoning aytishicha, birinchi guruh vakillarining yo‘li vazn yo‘qotish uchun samaraliroq, chunki u odamlarni kamroq ovqatlanishga undaydi. Shuningdek, u boshqa parhez usullaridan samaraliroq bo‘lmasa-da, u bemorlarga kaloriyalarni hisoblashni talab qilmasdan ozish uchun soddalashtirilgan yondashuvni taklif qilishi bilan jozibalidir.

Olimlarning fikricha, natijalar butun dunyo bo‘ylab ortib borayotgan semirish muammosini hal qilish uchun kelajakdagi yondashuvlarni ishlab chiqishda yordam berishi mumkin.

Tadqiqot “Annals of Internal Medicine” jurnalida chop etilgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!