Donald Tramp navbatdagi urush qayerda bo‘lishini aytdi

Donald Tramp navbatdagi urush qayerda bo‘lishini aytdi

Payshanba kuni Oq uyda bo‘lib o‘tgan tadbirda AQSh prezidenti Donald Tramp Pentagonning Kosmik qo‘mondonligining tashkil etilishidan asosiy maqsad fazodagi tahdidlarni neytrallashtirishdan iborat bo‘lishini ta’kidladi. Bu haqda O‘zA yozmoqda.

Prezident Trampning so‘zlariga qaraganda, yangi “qo‘mondonlik AQShning fazodagi muhim manfaatlarini himoya qilishga yordam beradi. U “mening fikrimcha, navbatdagi jang maydoni koinot bo‘lishi hammaga ma’lum”, dedi. Bu Amerika administrasiyasining Rossiya va Xitoyning koinotdagi oshib borayotgan harbiy imkoniyatlariga javobdir. Xitoy suniy yo‘ldoshlarni raketalar bilan yo‘q qila olishini namoyish qildi, Rossiya esa koinotda foydalanish uchun lazer quroli tizimini yaratish niyatida ekanligini bildirdi.

Iyun oyida Senat Harbiy havo kuchlari generali Jon Reymondni Fazoviy qo‘mondonlik boshlig‘i etib tasdiqladi. Reymond bayonot berar ekan, koinotda Amerika ob’ektlarini, jumladan yo‘ldoshlar, raketaga qarshi mudofaa tizimlari va aloqa jihozlarini himoya qilish yangi qo‘mondonlikning ustuvor vazifasi ekanligini ta’kidladi.

AQSh fazoviy qo‘mondonligi 1985 yildan 2002 yilgacha amalda bo‘lgan edi. Bu Ronald Reygan ma’muriyati va uning “strategik mudofaa tashabbuslari” harakatlarining samarasi bo‘ldi. Biroq 2001 yil 11 sentyabr hodisalaridan keyin boshqarma tarqatib yuborildi.

Oq uy Fazoviy kuchlar tashkil qilinishi zarurat ekanligiga Kongressni ishontirishga urinmoqda. Fazoviy kuchlar AQSh Qurolli kuchlarining oltinchi qo‘shin turi va Harbiy Havo kuchlari tashkil etilgan 1947 yildan keyingi ilk qo‘shin bo‘ladi. Vakillar Palatasi va Senat Pentagon byudjetiga fazoviy kuchlar tashkil etilishi borasidagi qoidalarni kiritdi.

Ayni damda fazoviy qo‘mondonlik tarkibida 287 nafar harbiy xizmatchi bor. General Reymond ayni damda qo‘mondonlik qarorgohi qayerda joylashtirilishi bilan bog‘liq masala muhokama qilinayotganini bildirdi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!