"Davlat boji bor, uni to‘lashga sharoitim yo‘q"

"Davlat boji bor, uni to‘lashga sharoitim yo‘q"

— 2010 yilda uyimni kadastr qilganman. 2018 yilda boshqa bir odam shu uyni kadastr qilib olgan. Hamma joyga murojaat qilganman. Sudga beray desam, davlat boji bor, uni to‘lashga sharoitim yo‘q.

Ismi sir tutildi

— Normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan talabga ko‘ra, bino va inshootlarga mulk huquqining vujudga kelishini va boshqa shaxsga o‘tishini tasdiqlovchi hujjatlar quyidagilardan iborat:

  • qurilishi (rekonstruksiyasi) tugallangan binolar va inshootlarni foydalanishga qabul qilish dalolatnomasi;
  • notarial tartibda tasdiqlangan bino, inshootning oldi-sotdi shartnomasi;
  • bino va inshoot bo‘yicha topshirish-qabul qilish dalolatnomasi bilan birga oldi-sotdi shartnomasi;
  • korxonaning topshirish-qabul qilish dalolatnomasi bilan birga notarial tartibda tasdiqlangan oldi-sotdi shartnomasi;
  • lizing shartnomasi;
  • bino, inshoot, turar joyni hadya etish to‘g‘risidagi notarial tartibda tasdiqlangan shartnoma;
  • bino, inshoot, turar joyni ayirboshlash to‘g‘risidagi notarial tartibda tasdiqlangan shartnoma;
  • turar joyni boshqa shaxsga renta to‘lovi sharti bilan o‘tkazilishi nazarda tutiladigan notarial tartibda tasdiqlangan renta shartnomasi;
  • xususiylashtirilgan davlat binosi, inshooti, turar joyini mulk huquqini beruvchi davlat orderi;
  • notarial tartibda tasdiqlangan meros qilib olish huquqi va er-xotinlarning umumiy mulki bo‘lgan bino, inshootning tegishli qismiga bo‘lgan mulk huquqi to‘g‘risidagi guvohnoma;
  • ko‘chmas mulk ob’ektini yuridik shaxslarning ustav jamg‘armasiga ulush sifatida berish (turar joy ob’ekti bo‘lsa, notarial tasdiqlangan) shartnomasi;
  • ko‘chmas mulk ob’ektini muassisga uning ulushini qaytarib berish (turar joy ob’ekti bo‘lsa, notarial tasdiqlangan) sifatida shartnomasi;
  • sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etishda ko‘chmas mulk ob’ektini realizasiya qilish bo‘yicha auksion natijalari haqida bayonnoma;
  • tuman (shahar) qurilish bo‘limlarining turarjoyni noturarjoy toifasiga o‘tkazishga ruxsati;
  • tuman (shahar) qurilish bo‘limining noturar joy binosini turarjoy toifasiga o‘tkazishga ruxsati;
  • sud qarori yoki davlat ijrochisining qarori yoxud davlat ijrochisi tomonidan tasdiqlangan undiruvchi va qarzdor o‘rtasida tuzilgan bino va inshootni berish dalolatnomasi.

Shuningdek, Konstitusiyaga muvofiq har bir shaxsga o‘z huquqlarini, erkinliklarini va qonuniy manfaatlarini sud orqali himoya qilish kafolatlanadi.

Har qanday manfaatdor shaxs buzilgan yoki nizolashilayotgan huquqi yoxud qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatini himoya qilish uchun fuqarolik sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi qonunchilikda belgilangan tartibda fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga (sudga) murojaat qilishga haqli.

Sudga murojaat qilishda da’vo ariza prosessual qonun normalari talablariga javob berishi lozim, ya’ni Fuqarolik prosessual kodeksining 189-191-moddalarida belgilangan tartibga rioya qilish lozim bo‘ladi.

Mazkur Kodeksning 35-moddasiga asosan imoratga bo‘lgan huquq to‘g‘risidagi, mol-mulkni xatlashdan chiqarish haqidagi, yer maydonidan foydalanish tartibini belgilash to‘g‘risidagi da’volar imorat, mol-mulk yoki yer maydoni joylashgan yerdagi sudning sudloviga taalluqlidir.

Shu bilan birga, prosessual qonunchilikda sudga murojaat qilishda davlat bojini to‘lashni kechiktirish, bo‘lib-bo‘lib to‘lash va ularning miqdorlarini kamaytirish yo‘l qo‘yilishi mumkinligi belgilangan. Sud ushbu masalani hal qilishda ishda ishtirok etuvchi shaxslar to‘lashga qurbi yetmasligi holatlarini tasdiqlovchi holatlar mavjudligi haqidagi dalillarni tekshirishi lozim:

MASALAN: ish haqi (daromadi), bankda mablag‘lari mavjudligi, uning egaligida bo‘lgan mulklar haqidagi ma’lumot, voyaga yetmagan farzandlari, boshqa boqimandalari borligi va h.k. to‘g‘risidagi ma’lumotlar.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, sizga ko‘chmas mulk joylashgan hududdagi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga tegishli talablarni ko‘rsatgan holda da’vo arizasi hamda to‘lov qobiliyatingiz mavjud bo‘lmasa ushbu holatni tasdiqlovchi hujjatlar bilan davlat boji to‘lashni kechiktirish, bo‘lib-bo‘lib to‘lash va ularning miqdorlarini kamaytirish haqidagi ariza bilan murojaat qilishingiz mumkin.

Anvar YORIYEV,

Toshkent shahar sudining fuqarolik ishlari bo‘yicha sudyasi


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!