Bloger noto‘g‘ri muolaja oqibatida koronavirus pnevmoniyasining og‘ir shaklini o‘tkazgani haqida gapirib berdi

Bloger noto‘g‘ri muolaja oqibatida koronavirus pnevmoniyasining og‘ir shaklini o‘tkazgani haqida gapirib berdi

Bloger, @yuguryugur va @na_begu telegram-kanali muallifi Malik Karimov noto‘g‘ri muolaja oqibatida koronavirus pnevmoniyasining og‘ir shaklini o‘tkazgani haqida gapirib berdi.

"Do‘stlar, hayotimning so‘nggi ikki haftasi mushkul dard bilan kurashda kechdi. Men bu haqida batafsil tavsifli, katta bir post yozishni ham boshlagandim, lekin ko‘pchilikni ogohlantirish, hayotlarni saqlab qolish mumkinligi sababli boshimdan o‘tkazganlarimni oraliq postda yozishga qaror qildim. Chunki har daqiqa, insonlar umri g‘animat!

Dastlabki bosqichda o‘pka zararlanishining 20%gacha yetganini bilganimizda, ilk kunlardanoq yurtimizning yetakchi pulmonologlari tavsiyalariga ko‘ra muolajani boshladik.

Omadim kulgan ekan, ayolim va ikkinchi onam — vrach, shu sababli biz eng mushkul chaqiriqlarga ham tayyor edik. Mening jismoniy holatim — triatlon va yugurish bilan muntazam shug‘ullanishim kasallikni yengil shaklda o‘tkazishga yordam berishiga chindan amin edim.

Ammo, keyin aniq bo‘lishicha, ko‘plab vrach va mutaxassislar kasallik rivojlanish mexanizmini hisobga olmay, koronavirusni noto‘g‘ri davolashga urinishar ekan. Sog‘liqni saqlash vazirligida bor ma’lumotlarga qaramasdan, koronavirus pnevmoniyasini davolash o‘rniga, ular bakterial pnevmoniyani davolashar ekan! Mening muolajam kapelnisa va ko‘p miqdordagi antibiotiklardan iborat edi. Va bunday davolash usuli meni yana ham boshi berk ko‘cha tomonga yetaklay boshladi — bunday muolajaning 5-kuniga kelib, o‘pka shishishi va zararlanishi 70%ga yetdi!!!

Faqatgina, kapelnisa va antibiotiklarni bekor qilgan Immunologiya institutining yetakchi immunolog mutaxassisi jarayonga favqulodda qo‘shilishi va tuzatishlari sharofati bilan mening holatim bir maromga keldi. Doimiy qon analizlariga (SRB, D-dimer, LDG, interleykin, OAK, ferritin) asoslanib, kasallik kechishini o‘zgartirish va davolanishga muvaffaq bo‘ldik. Hozir holatim ancha yaxshi.

Eng muhim jihatga e’tiboringizni qaratmoqchiman — koronavirus pnevmoniyasini davolash oddiy pnevmoniyani davolashdan tubdan farq qiladi, kapelnisa qo‘ymang! Antibiotiklar esa faqat yo‘riqnoma bilan qabul qilinishi kerak!

Menga yordam bergan vrach va uning hamkasblari Aziza Shabatovna Xo‘jayeva, Dildora Sekler, Abdusalom Abdurahmonov - bu insonlar o‘zlarining ilmiy mustahkamlangan malakasi bilan hozir misli ko‘rilmagan ishlarni bajarmoqdalar. Ular nafaqat vrach va hamkasblarining bilimini oshirish bilan, balki koronavirusni to‘g‘ri davolash bo‘yicha yurtdoshlarimizga ham ziyo ulashmoqdalar.

Men ularning @tezyordamlive kanaliga obuna bo‘lishingiz va teledasturlarini o‘tkazib yubormasligingizni qattiq tavsiya qilaman. Ayni vaqtda bu koronavirus hamda uni to‘g‘ri muolaja qilish haqidagi eng ma’qul ilmiy va tushunarli manbadir. Mana, masalan, bu videoda (https://t.me/tezyordamlive/225) Abdusalom aka nega kapelnisa qo‘ymaslik kerakligini sodda tilda tushuntirib beryaptilar, tomosha qiling!

Barcha shifokorlar va loyiha mualliflariga ta’zim, ularga minnatdorchiligimni bildiraman.

Kasal bo‘lmang va yaqinlaringizni asrang!"

Malik Karimov,
@yuguryugur va @na_begu telegram-kanali muallifi


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!