Birovning haqqi

Birovning haqqi

Buyuk sahobiy Abu Dardo roziyallohu anhu sahobalar orasida masjidga hammadan erta kelib, hammadan kech ketishi bilan Rasulullohning nazarlariga tushgan sahoba edi. Payg‘ambarimiz alayhissalom Abu Dardoni shu odatlari uchun yaxshi ko‘rar edilar. Ammo xurmo pishgan paytda Abu Dardo masjidga kech kelib, erta ketadigan bo‘lib qolibdilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: Ey Abu Dardo, senga nima bo‘lyapti, o‘zgarib qolding? Kech kelib, erta ketadigan bo‘lib qolding? deganlar. Shunda u: Yo Rasulalloh, qo‘shnimni xurmosi pishgan, uning shoxlari hovlimga osilgan. Xurmo pishsa, mevasi mening hovlimga to‘kiladi. Bolalarim qo‘shnimning xurmosini yeb qo‘yishidan qo‘rqaman, shuning uchun har kuni ertalab bomdodga ketishdan avval kechasi to‘kilganlarini to‘plab, qo‘shnimga chiqarib yuboraman. Masjiddan tezroq qaytib borib, yana kunduzi to‘kilganlarini bolalarim yeb qo‘ymasin deb, to‘plab, qo‘shnimga chiqaraman. Uzrim mana shu , degan ekanlar. Shunda hazrati Payg‘ambar alayhissalom xursand bo‘lganlar, Abu Dardoning haqqiga baraka tilab duo qilganlar.

Ammo bu mavzuning bugungi kunda jamiyatimizdagi ko‘rinishlari haqida albatta gapirib o‘tishimiz kerak.

Birovning haqqidan hazar qilishni biz bugun qanday tushunamiz? Bugun birovning haqqiga tajovuz qilishning qanday ko‘rinishlari urchib ketyapti?

Bu boradagi eng og‘ir musibatlardan biri qarzni qaytarmaslikka harakat qilishdir. Qarz olayotganda qaytarmaslik niyati bilan olish o‘sha pulga talafot yetkazishdir. Agar qarz olayotgan odam qaytarish niyati bilan olayotgan bo‘lsa, Alloh taolo O‘zi yordam beradi, bu haqda hadislar bor.

Yana biri tarozidan urib qolish. Bu ham birovning haqqi, bu haqda juda ko‘p oyatlar bor, jumladan, Mutoffifun surasi ham aynan shu haqdagi oyatlar bilan boshlanadi.

Hozir ko‘p tarqalayotgan, ammo biz unchalik e’tibor qilmayotgan yana bir ko‘rinishi mualliflik huquqining poymol bo‘lishidir. Bir odam bir narsa ixtiro qiladi, kimdir uni olib qo‘yadi. Kimdir kitob yozadi, kimdir o‘sha kitobdan foydalanib, maqolani shunday kitobdan ko‘chiradi-da, tagiga o‘zining ismini qo‘yib chiqarib yuboraveradi. Ba’zi joylarini egasi dabdurustdan tanimaydigan qilib, o‘zgartirib qo‘yadi. Bu mualliflik huquqiga tajovuz qilish deganidir. Bugungi kunda bunga misollar juda ham ko‘p. Birov aytgan gapni men yozdim deb chiqarish, birovning kitobiga ega chiqib olish va hokazolar. Masalan, yozuvchining kitob chiqarishga moddiy imkoniyati yo‘q, puli bor odamda cf kitob yozishga iqtidor ham, vaqt ham bo‘lmaydi. Aslida ular yaxshilik va taqvo yo‘lida hamkorlik qilishlari kerak edi. Ammo ba’zan kitob nashr qilishga imkoni yo‘q odamlarning kitoblari chiqarilmay qolib ketadi, kimdir chiqarib beraman, yordam beraman deydi-da, o‘zining ismini hammuallif deb yozishni shart qiladi yoki kitob mening nomimdan chiqadi deydiganlar ham bo‘ladi, Alloh saqlagan bo‘lsin.

Birovning haqqiga tajovuz qilishning yana bir turi poraxo‘rlikdir. Imom Ahmad Savbon roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam pora beruvchini ham, pora oluvchini ham, ularning o‘rtasidagi vositachini ham la’natladilar , deyilgan.

Jamiyatda eng ko‘p tarqalgan, savdo-sotiqda eng ko‘p uchrayotgan gunohlardan biri mana shudir. Modomiki biz otkat degan narsadan qutulmas ekanmiz, bu jamiyat rivojlanmaydi. Hamma ishda otkat odat bo‘lib ketgan. Misol uchun, tadbirkorlik qilamiz, xorijdan narsa olib kelishimiz kerak. Biznikilar otkat beraverib, xorijdagilarni ham o‘rgatib qo‘yishibdi 500 mingga bir narsa olmoqchi bo‘lsak, 120 mingini qaytarib beraman , deyapti. Qarangki, biz 500 000 naqd pul chiqarishimiz kerak ekan, 120 000 ni qaytarib beraman, mendan ol deyapti. Yolg‘onchilik jamiyatni ana shu qadar yerga uradigan narsa. Sudxo‘rlik esa undan ham katta balo. Alloh taolo Sudxo‘r bo‘lgan kimsalar Qiyomat kuni qabrlaridan turmaydilar, tursa ham jin chalgan majnun kabi turadi , degan mazmunda oyat nozil qilgan. Qiyomat ahli ana shunday gandiraklab, majnunga o‘xshab turgan odamni ko‘rsa? Ha, bu dunyoda sudxo‘r bo‘lgan ekan , deydi, Alloh saqlasin.

Inshaalloh, duo qilyapmiz, harakatlar bo‘lyapti, qaniydi dunyoda sudxo‘rlik batamom tugab ketsa, odamlar halol oldi-berdini, halol tijoratni yo‘lga qo‘ysalar. Chunki Alloh taolo tijoratni halol qildi, riboni esa harom qildi. Harom narsa bilan esa hech qachon taraqqiyot bo‘lmaydi, birodarlar. Taraqqiyotdek ko‘rinishi mumkin, lekin aslida bu sinish bo‘ladi, oxiri kasod bo‘ladi. Alloh saqlagan bo‘lsin.

Manba: mehrob. uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!