Britaniyadagi saylovlar: ekzit-poll bosh vazir almashishini ko‘rsatmoqda

Britaniyadagi saylovlar: ekzit-poll bosh vazir almashishini ko‘rsatmoqda

Britaniyada 14 yildan buyon ilk bor hukumat o‘zgaradi, konservatorlar o‘rnini leyboristlar egallaydi, Rishi Sunak o‘rniga Kir Starmer yangi bosh vazir bo‘ladi.

Buyuk Britaniyadagi parlament saylovlarida ser Kir Starmer boshchiligidagi, so‘nggi 14 yil davomida muxolifatda bo‘lgan Leyboristlar partiyasi ustunlik qilmoqda, saylov uchastkalarida nufuzli kompaniyalar o‘tkazgan so‘rovlar asosiga qurilgan prognozlar shuni ko‘rsatmoqda.

Bir necha soatdan keyin rasmiy hisob-kitoblar yaqqol kartinani namoyish etadi, shundan so‘ng bosh vazir Rishi Sunak saylovchilar bilan xayrlashib, qirol Charlz III ni hukumat almashishi to‘g‘risida xabardor qilish uchun saroyga yo‘l oladi.

Konservatorlar nima uchun yutqazdi?

BBC, ITV va Sky News buyurtmasiga ko‘ra o‘tkazilgan ekzit-poll ma’lumotlariga qurilgan prognozlar leyboristlar 650 o‘rinlik parlamentda mutlaq ko‘pchilikni tashkil etishi — 410 o‘ringa ega bo‘lishi, torilar (konservatorlar) fraksiyasi esa 345 deputatdan 131 deputatgacha qisqarishini ko‘rsatgandi.

Bu prognoz Liberal-demokratik partiya pozisiyasi ham mustahkamlanganiga ishora qiladi — agar bu to‘g‘ri bo‘lib chiqsa, mazkur partiya 61 mandat olishi mumkin. O‘ng populist Nayjel Farajning «Islohot» partiyasi esa 13 o‘ringa ega bo‘ladi, bu saylovoldi kampaniyasi vaqtida kutilgan natijadan ancha ko‘proq. Shuningdek Shotland milliy partiyasining parlamentdagi vakillari soni keskin qisqarib, atigi 10 taga tushishi prognoz qilingan.

Buyuk Britaniyadagi saylovoldi so‘rovlari bo‘yicha tan olingan nufuzli politolog, ser Jon Kertis BBC uchun bergan intervyusida «Islohot» partiyasi va shotland millatchilari bo‘yicha prognozlar biroz ishonchsizroq ekanini aytadi.

So‘rovlar Angliya, Shotlandiya va Uelsdagi 130 ta saylov uchastkalaridan chiqish joylarida o‘tkazilgan, ammo Shimoliy Irlandiyada emas. So‘nggi beshta parlament saylovlarida uning natijalari yakuniy natijalar bilan 1,5 tadan 7,5 tagacha o‘rin farqi bilan mos kelgan.

Ovozlarni hisoblash yakunlangan 32 ta saylov okrugidan 28 tasida leyboristlar ustun kelishgan (jumladan, oldingi saylovlarda konservatorlar g‘olib chiqqan 12 okrugda ham), liberal-demokratlar esa — ikkitasini o‘ziniki qilgan (ular ham konservatorlarning tarafdorlarini o‘ziga og‘dirgan), Konservativ partiya faqat ikki okrugni o‘z qo‘lida saqlab qololgan.

Yana bir okrugda «Islohot» partiyasi vakili g‘alaba qozongan, u Konservativ partiyadan kelib qo‘shilgandi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!