Besh qizi futbolchi bo‘lgan olti qizli ota

Besh qizi futbolchi bo‘lgan olti qizli ota

 

Kecha poytaxtimizdagi “O‘zEkspomarkaz” ko‘rgazmalar zalida PFL tomonidan tashkil etilgan MAVSUM-2018 laureatlarini taqdirlash marosimi o‘tkazildi. Unda Qashqadaryo viloyatidan taklif etilgan mehmon Ilhom Chorshanbiyev “Yil iftixori” rag‘batlantiruvchi mukofoti bilan taqdirlandi.
 
Bu inson futbol jamoatchiligi uchun mutlaqo begona, desak xato bo‘lmas. Biroq uning naqd besh nafar qizi futbol bilan shug‘ullanib kelmoqda. Ilhom akaning o‘zi ham sportga begona emas, ot minib ko‘pkari chopar ekan. Ammo chavandozning barcha qizlari futbolga mehr qo‘yishgani hayratimizni oshirdi va Ilhom akani suhbatga tortdik.
 
- Avvalo mukofot bilan tabriklaymiz.
 
- Rahmat.
 
- Ilhom aka, sizning bir yo‘la besh nafar qizingiz futbol bilan shug‘ullanib kelishar ekan. Aslida qiz bolaning sport bilan shug‘ullanishi mintalitetimizga biroz zid. Ammo sizning qizlaringiz futbolga oshufta bo‘lishgan. Buning sababi nimada?
 
- Men ham aksariyat o‘g‘il bolalar kabi yoshligimda futbolchi bo‘lishni orzu qilganman. Lekin bizning bolalik chog‘larimizda futbolga hozirgidek e’tibor qaratilmas edi. Uydagilarim qiziqishimni to‘g‘ri qabul qilgan, ammo meni qayerga olib borish, kimga murojaat qilishni bilmagan. Natijada futbolchi bo‘lish orzuim armon bo‘lib qolgan. Orzuimga farzandlarim yordamida erishish maqsadida qizlarimni futbolga berdim. Hozir oltita qizim bor, ulardan to‘ng‘ichi Jismoniy tarbiya kollejini tugatgan va hozirda murabbiylik sohasida faoliyat olib bormoqda. Qolgan beshta qizim esa ayni paytda futbol bilan shug‘ullanib kelishmoqda. Futbolchi qizlarimdan kattasi Laylo Shodiyeva “Sevinch” jamoasida o‘ynaydi. U shuningdek 19 yoshgacha bo‘lgan qizlardan iborat O‘zbekiston terma jamoasi safida Osiyo chempionatiga saralash o‘yinlarida guruhda 1-o‘rinni qo‘lga kiritishdi. Qizim ushbu jamoaning sardori ham. Keyingi qizim Amina esa Navoiyning “Guli” jamoasida to‘p surib kelmoqda. Undan keyingi qizim E’tibor Shodiyeva 2004 yilda tug‘ilgan, yana 2008 va 2010 yillarda tug‘ilgan qizlarim ham hozirda “Sevinch” klubining o‘smir qizlar jamoalarida shug‘ullanib kelishmoqda.
 
- Agar Yaratgan sizga o‘g‘il farzand bersa, yetuk futbolchi qilib tarbiyalar ekansizda.
 
- Ha, shunday. Aslida qizlarimning hech birini o‘sha mashhur Ronaldudan kam, deb hisoblamayman. Ollohga shukr yettinchi farzandim o‘g‘il, u hozir to‘rt yoshda. Lekin uning fikru zikri Ronaldu bo‘lib qolgan. “Dada, men Ronaldudek bo‘laman”, deydi va bundan ko‘nglim ko‘tariladi. Bilasizmi, o‘g‘lim yurishdan oldin to‘p tepishni o‘rgandi, desam xato bo‘lmaydi. Hali emaklay boshlagandan futbol to‘piga oshno tutingan va ko‘z tegmasin, hozir ham undan ajralgani yo‘q. Istardimki, o‘g‘lim kelgusida o‘zimizning Odil Ahmedovlarga o‘xshab yaxshi futbolchi bo‘lib, jahon arenalarida vatanimiz bayrog‘ini yanada yuqoriga ko‘tarishga hissa qo‘shsin. Shunda mendan baxtli odam bo‘lmasdi. So‘zim yakunida yaqinlashib kelayotgan Yangi yil bayrami bilan barcha yurtdoshlarimizni tabriklayman. Ilohim yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo‘lib, futbolchilarimiz hamisha o‘zlarining chiroyli o‘yinlari bilan muxlislarini quvontirib yuraverishsin.
 
Manba: uza.uz

Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!