AQSh Shinjon-uyg‘ur avtonom rayonida inson huquqlari poymol qilingani sababli Xitoyga qarshi sanksiya qo‘llamoqchi

AQSh Shinjon-uyg‘ur avtonom rayonida inson huquqlari poymol qilingani sababli Xitoyga qarshi sanksiya qo‘llamoqchi

AQSh davlat departamenti 11 sentyabr kuni Xitoyning Shinjon-uyg‘ur avtonom rayonida milliondan ortiq uyg‘ur va boshqa ozchilik musulmon elatlarining "tahriqlanishidan" tashvishda ekanini bildirgan. Tramp ma’muriyati Xitoydagi yuqori lavozim egalari va kompaniyalarga qarshi sanksiya qo‘llamoqchi. Bu haqda "The New York Times" gazetasiga tayanib, Turon 24 xabar beradi.

Sanksiyalar AQShdan Xitoyga Shinjondagi etnik uyg‘urlarni kuzatish uchun ishlatiladigan texnologiyalarni yetkazib berishga ham taalluqli.

Xitoyga nisbatan ushbu iqtisodiy cheklovlar ilk bor inson huquqlari poymol qilingani tufayli qo‘llanmoqda.

Oq uy, davlat departamenti va moliya vazirligi uyg‘urlar masalasi bo‘yicha Xitoyga qarshi sanksiya joriy etishni bir necha oydan beri muhokama qilayotgan edi. Ayniqsa, so‘nggi ikki hafta ichida davlat kotibi Mayk Pompeo va moliya vaziri Stiv Mnukinning 7 nafar xitoylikka cheklov qo‘yish kerakligi haqidagi bayonotidan keyin bahslar qizigan.

Xabarda Xitoy hukumati Shinjon-uyg‘ur avtonom rayonida uzoq paytdan beri kuzatilmagan ko‘lamda inson huquqlarini buzayotgani ta’kidlanadi.

9 sentyabrda "Human Rights Watch" (HRW) tashkiloti Xitoy rasmiylarini mamlakatdagi musulmon uyg‘urlar huquqlarini ommaviy va muttasil poymol qilishda ayblagan.

Tashkilotning hisobotida Shinjon-uyg‘ur avtonom rayonida Xitoy hukumati mahalliy aholini “o‘zboshimchalik bilan qo‘lga olayotgani, qiynoqqa tutayotgani va tahqirlayotgani“ aytiladi. Shuningdek, unda Xitoydagi inson huquqlarining buzilishi "Madaniy inqilob" (1966 – 1976-yillar) davri bilan bir xil ekanligi ta’kidlangan.

HRW tashkiloti o‘z hisobotida xorijiy davlat hukumatlarini Xitoyga qarshi chora ko‘rishga chorlagan.

10 sentyabr kuni Xitoy rasmiylari bu ayblovlarni rad etgan. Xitoy tashqi ishlar vaziri Xua Chunin HRW hisobotini izohlashdan bosh tortib, tashkilotni faktlarni buzib ko‘rsatishda aybladi.

Xitoyning Shinjon-uyg‘ur avtonom rayonida 13 millionga yaqin turkiy tilda so‘zlashuvchi musulmon yashaydi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Xitoy hukumati ularni muntazam ravishda ommaviy jazolarga mahkum etgan, sayohat qilishlari va diniy e’tiqodlariga cheklovlar qo‘yib, kundalik hayotini to‘liq nazorat qilgan.

10 avgustda BMTning Irqiy kamsitishni bartaraf etish bo‘yicha qo‘mitasi Xitoyda etnik uyg‘urlar aksilekstremizm markazlarida ushlab turilgani, millionlab odam “qayta tarbiyalash lagerlari"ga yuborilayotganini ta’kidlagan edi.

Manba: azon.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!