Andijon viloyatida 10-sinf o‘quvchisi o‘zini osib qo‘ydi

Andijon viloyatida 10-sinf o‘quvchisi o‘zini osib qo‘ydi

Andijon viloyati Buloqboshi tumanidagi 24-maktabning 10-sinf o‘quvchisi S.N. yashash xonadonining tomida o‘zini osib qo‘ygan. Bu haqda «Daryo» xabar berdi.

Tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasidan ma’lum qilishlaricha, yuz bergan voqea yuzasidan Buloqboshi tuman prokuraturasi surishtiruv ishlarini olib bormoqda. Ma’lum bo‘lishicha, S.N. oktyabr oyidan 24-maktabda o‘qishni boshlagan. Biroq maktab vakillari muxbirga o‘quvchi haqida ma’lumot bermagan.

O‘z joniga qasd qilgan yigitning ota-onasi Rossiyada bo‘lgan — voqea yuz berganidan xabar topgach, ular O‘zbekistonga qaytgan. U oiladagi to‘rt farzandning kenjasi bo‘lgan. «Zarg‘aldoq» mahalla fuqarolar yig‘ini vakili Odinaxon Ismoilovaning ta’kidlashicha, marhum «ijobiy fazilatlari bilan tanilgan» yigit edi.

«S.N. 6 dekabr kuni soat 13:00 larda o‘zini osib qo‘ygani haqidagi xabar mahalla-ko‘y, qo‘ni-qo‘shnilar qatori meni ham hayron qoldirdi. Chunki u yigitni ijobiy fazilatlari bilan tanirdik-da. Sportga qiziqishi yuqori edi, ammo jinoyatchilikka moyilligini sira sezmaganman. Salbiy xatti-harakatlariga guvoh bo‘lmaganmiz, hatto u haqda yomon gap-so‘zlar eshitmaganmiz. Do‘stlari, qarindoshlari ham marhumning kim bilandir urishib, janjallashadigan odati yo‘qligini takidladi», — deydi mahalla vakili.

4 dekabr kuni Namangan viloyatining Chortoq tumanida 10-sinfda o‘qiydigan qiz, 27 noyabr kuni Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumanida 7-sinfda o‘qiydigan o‘quvchi bola, 2 noyabr kuni esa Qashqadaryo viloyatining Qarshi tumanida 8-sinfda o‘qiydigan bola o‘zini osib qo‘ygani haqida xabar berilgan edi.

Manba: uz24.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!