420 yil avval gulxanda yoqilgan olim. Jordano Brunoning qaysi gaplari cherkovga yoqmagan?

420 yil avval gulxanda yoqilgan olim. Jordano Brunoning qaysi gaplari cherkovga yoqmagan?

Jordano Bruno – italiyalik rohib, panteist faylasuf va shoir, ko‘plab risolalar muallifidir. Uyg‘onish davrining buyuk mutafakkiri katolik cherkovi tomonidan shubhali deb hisoblangan qo‘llanmalarni o‘qishga qiziqadi va Bibi Maryamning mukammalligi hamda Uch Xudo haqidagi ta’limotni shubha ostiga oladi. Natijada bid’atda ayblanadi va ordenini tark etib, Yevropaning boshqa mamlakatlariga ketishga majbur bo‘ladi. Shveysariya, Fransiya, Angliya va Germaniyada yashaydi.

Italiyaga qaytganida Venesiyada hibsga olinib, Rimdagi inkvizitsiya sudiga topshiriladi. U o‘z ta’limotidan voz kechmaydi, yetti yillik qamoqdan so‘ng, 1660-yilda bid’atchi sifatida gulxanda yoqildi. Oradan bir necha asr o‘tib, 1889-yilda Rimda, Bruno qatl qilingan joyda unga haykal o‘rnatildi. Mutafakkirga qarshi ko‘plab ayblovlardan biri – Brunoning koinot cheksizligi va ko‘plab olamlar mavjudligi haqidagi ta’limotidir. Arastu va uning sxolastik ta’limotining tanqidchisi bo‘lgan olim Eley maktabi, yangi platonik g‘oyalar va qisman Epikur g‘oyalari ta’sirida edi. Bruno komediyalar va dostonlar ham yozgan.

Uning dunyoqarashi panteistikdir: Xudo va koinot bitta narsadir; koinot fazo va vaqt jihatdan cheksizdir; u mukammaldir, chunki Xudo unda yashaydi. Har bir narsaning sodda, ajralmas elementlari monadalardir; ular paydo bo‘lmaydi, yo‘qolmaydi, faqat birlashadi va ajraladi; bular metafizik birliklar bo‘lib, psixik va shu bilan birga moddiy nuqtalardir. Ruh – o‘zgacha monada; Xudo monadalarning monadasidir.

Shuningdek, Bruno yulduzlar – olisdagi quyoshlar ekani, Quyosh tizimida o‘sha davr uchun noma’lum bo‘lgan koinot jismlari borligi, Koinotda Quyoshimizga o‘xshash son-sanoqsiz jismlar mavjudligini aytgandi.

Bugun uchun oddiy haqiqat bo‘lgan narsalar to‘rt asr oldin olam ahliga yot tushunchalar edi va shu sabab Bruno unga sig‘madi. Quyida mutafakkirning mashhur iqtiboslari bilan tanishamiz:

Odatda tushunchasi yetishmagan odamlar ko‘proq narsani bilaman, deb o‘ylaydi. Umuman aqli yo‘qlar esa, hamma narsani bilaman, deb o‘ylaydi.

Jonli aqlning xususiyati shundaki, u ozgina ko‘rsa va eshitsa yetadi – keyinchalik bu haqida fikrlash va tushunish uchun.

Muhabbat – hamma narsa, u hamma narsaga ta’sir qiladi, u haqida hamma narsa deyish mumkin, uni har qanday tavsiflash mumkin.

Muhabbatning eng yaqin dugonasi rashk bo‘lib, eng katta dushmani ham rashkdir: temirga uning o‘zidan yaralgan zangdan-da dushmanroq narsa yo‘q.

Mehnat bilan yengib bo‘lmaydigan narsa yo‘q.

Haqiqat haqiqatga zid bo‘lmaydi.

Meni gaplarim bilan dunyoning boshini oyog‘idan qilmoqchiligimni aytishadi. Shundog‘am teskari qilingan dunyoni teskari qilish yaxshimasmi, axir?

Tomchi toshni kuch bilan vayron qilmaydi, muntazam tomish orqali sindiradi, odam ham kuch bilan dono bo‘lib qolmaydi, qayta-qayta o‘qish bilan dono bo‘ladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!