“Yangi O‘zbekiston - yangi saylovlar” milliy aksiyasini o‘tkazish taklif etilmoqda

“Yangi O‘zbekiston - yangi saylovlar” milliy aksiyasini o‘tkazish taklif etilmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari mahalliy Kengashlari uchun o‘tkaziladigan saylovlarga sanoqli kunlar qolmoqda. U yoki bu nomzodga ovoz berish orqali biz kelgusi yo‘nalishlarimizni belgilaymiz.

Umumiy kelajagimizni qurishda barchaning ovozi muhim. Shu bois, barchani ovoz berish huquqidan foydalanishga va o‘zlarining fuqarolik pozisiyalarini faol namoyish etishga undash maqsadida “Yuksalish” umummilliy harakati “Yangi O‘zbekiston - yangi saylovlar” milliy aksiyasini o‘tkazishni taklif etadi.

14 dekabr kuni respublikaning barcha hududlarida bir vaqtning o‘zida keng jamoatchilik uchun ommaviy tadbirlar o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Unda taniqlik insonlar bilan uchrashuvlar tashkil etilib, saylovga tayyorgarlik jarayonlari, qonunchilikdagi o‘zgarishlar haqida axborotlar beriladi, musiqiy dasturlar va turli viktorinalar o‘tkaziladi. Saylovlar haqida barcha ma’lumotlar sodda va tushunarli tilda aholiga yetkaziladi. Tadbir jarayonlari OAV va blogerlar tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoritilishi mumkin.

“Yuksalish” umummilliy harakati barcha takliflar uchun ochiq. Hozirda aksiya formati ishlab chiqilmoqda. Shu munosabat bilan, barcha manfaatdor vazirlik va idoralar, biznes vakillari, siyosiy partiyalar va boshqa jamoat tashkilotlarini hamkorlikka chorlaymiz. 

Tadbirlarni yanada samarali o‘tkazish bo‘yicha fikr va takliflarni “Yuksalish” UMH hududiy bo‘linmalari yoki markaziy ofisiga taqdim qilishingiz mumkin.

 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!