Xalqaro qurultoy yoshlarni ekologiya haqida qayg‘urish va eko-turizmni rivojlantirish yo‘lida birlashtiradi

Xalqaro qurultoy yoshlarni ekologiya haqida qayg‘urish va eko-turizmni rivojlantirish yo‘lida birlashtiradi

9 avgust kuni Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz shahrida “Yoshlar - kelajak bunyodkorlari!” III ekologiya va turizm xalqaro qurultoyiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi bo‘lim boshlig‘i Zarrina Abdullayeva, vazirlik bo‘lim boshlig‘i Abdurashid Sodiqov, Qashqadaryo viloyati hokimining turizm yo‘nalishi bo‘yicha o‘rinbosari Alisher Zokirov, Shahrisabz tumani hokimi Samad Hasanov, mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Matbuot anjumanida nutq so‘zlagan Zarrina Abdullayeva bu galgi qurultoy turizm bilan bir qatorda ekologiya sohasini ham qamrab olganini ta’kidladi.

“Ekologiya va turizm bir-biriga chambarchas bog‘liq. Atrof-muhitni toza saqlamay turib sayyohlarni jalb qilib bo‘lmaydi. Shuning uchun bu galgi qurultoyda yoshlarda ekologik madaniyatni yanada shakllantirish, ekologik bilimlarni mustahkamlash, tabiatga daxldorlik hissini kuchaytirishga ham alohida e’tibor qaratilgan, - dedi u. - Qurultoy dasturidan o‘rin olgan eko-kvest, plogginglar, intellektual o‘yinlar va boshqa tadbirlar yoshlarni atrof-muhitni asrab-avaylash, eko-turizmni rivojlantirish kabi maqsadlar yo‘lida birlashtiradi”.

Anjumanda qurultoyda mahalliy va xorijlik yoshlar, xususan, Tojikiston, Qirgʻiziston, Qozogʻiston va Turkmaniston kabi davlatlarning yoshlari ham qatnashishi ta’kidlandi. Shuningdek, yurtimizning har bir hududidan 56 nafardan iqtidorli, ijtimoiy himoyaga muhtoj, shu jumladan nogironligi boʻlgan hamda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan oʻquvchi, talaba va yoshlar jalb etilgani ma’lum qilindi.

Tadbir davomida yurtimizda ichki va tashqi turizm rivojlanib borayotganligi, sayyohlar oqimida yoshlarning hajmi sezilarli darajada oshayotgani, o‘z navbatida bu boradagi muammolarni bartaraf etishga alohida e’tibor qaratilayotganligi qayd etildi.

Matbuot anjumani yakunida jurnalistlarning savollariga batafsil javob berildi.

Ma’lumot uchun, qurultoy 13-avgustgacha davom etadi. Qurultoy dasturidan ekologiya va turizm sohasiga oid seminarlar, debatlar, intellektual o‘yinlar, do‘stlik tadbirlari, eng yaxshi ekologik va turizm loyihalari tanlovlari, ko‘rgazmalar, “Open air” (ochiq osmon) formatida kinofilmlar namoyishi, plogging aksiyasi, milliy va etnosport o‘yinlar, mahorat darslari o‘rin olgan. Qolaversa, “Yoshlar spartakiadasi” ommaviy sport o‘yinlari, Oʻzbekiston Respublikasi “Yosh ekologlar” harakati hamda Yosh turizm elchilari Kengashi aʼzoligiga saylovlar hamda ishtirokchilar uchun Shahrisabzdagi Oqsaroy meʼmoriy yodgorligi boʻylab sayohatlar tashkil qilinadi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!