Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vazirligi Afg‘oniston elchixonasini yopdi

Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vazirligi Afg‘oniston elchixonasini yopdi

Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vazirligi Afg‘onistonning Londondagi elchixonasini 3 oy yopishini ma’lum qildi. Vazirlikka Afg‘onistoning elchisi Zalmay Rasul chaqirtirilgan.

Britaniya manbalarining yozishicha, elchi joriy yilning 6 sentyabr kuni Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vazirligiga chaqirtirilgan va vazirlik elchidan elchixona binosini bo‘shatib qo‘yishni va 20 kun ichida elchixonani yopish kerakligini aytgan.

“Afg‘oniston Islom Amirligining Londondagi elchixonasi rasman yopilishi va mezbon davlatning rasmiy iltimosiga ko‘ra, 2024 yil 27 sentyabrda o‘z faoliyatini to‘xtatishi rejalashtirilgan. Bu qaror qabul qiluvchi davlat organlarining talablaridan kelib chiqib qabul qilingan”, – deyiladi Afg‘oniston elchixonasining X tarmog‘ida.

Britaniya elchixona xodimlariga Buyuk Britaniyani tark etish yoki mamlakatda qolish va boshpana so‘rash to‘g‘risidagi qarorlarni qabul qilish uchun 90 kun muhlat berilgan.

2021 yilda AQSh o‘z kuchlarini olib chiqib ketganidan ko‘p o‘tmay Tolibon Afg‘onistonni egallab olgandi, biroq hozircha jahon miqyosida to‘liq e’tirof etilgani yo‘q. Ular sobiq hukumat diplomatlari tomonidan boshqariladigan Afg‘oniston elchixonalarini o‘z tashqi ishlar vazirligi bilan hamkorlik qilishga ko‘ndirishga intilishgan, ammo urinishlari natija bermagan.

Iyul oyi oxirida Tolibon nazoratidagi tashqi ishlar vazirligi Afg‘onistonning Kanada, Avstraliya va bir qancha Yevropa davlatlari, jumladan, Buyuk Britaniyadagi diplomatik vakolatxonalari tomonidan chiqarilgan hujjatlar Kobul bilan aloqa o‘rnatishdan bosh tortgani uchun o‘z kuchini yo‘qotganini e’lon qilgandi.

“Tolibon” Yevropada konsullik xizmatiga murojaat qilmoqchi bo‘lgan afg‘on va chet el fuqarolariga Ispaniya, Niderlandiya, Bolgariya, Chexiya va Germaniyadagi Myunxendagi vakolatxonalarga tashrif buyurishi mumkinligini taklif qildi.

Ma’lumot uchun, Buyuk Britaniyada afg‘on migrantlari ko‘p bo‘lgan Yevropa davlatlari qatoriga kiradi. Elchixonaning yopilishi ushbu muhojirlarning konsullik xizmatlaridan foydalanishini qiyinlashtiradi, masalan, mulkiy masalalar bo‘yicha ishonchnoma olish.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!