O‘qituvchilarning faoliyatiga aralashganlik uchun javobgarlik bor

O‘qituvchilarning faoliyatiga aralashganlik uchun javobgarlik bor

Kuni kecha farzandimning maktab telegram guruhiga sinf yig‘ilishi bo‘lishi to‘g‘risidagi xabar keldi. Yig‘ilishni shanba kuniga belgilashganidan xursand bo‘ldim. Chunki davlat tashkilotida ishlaydigan onalar uchun bu juda qulay. Vaqtim bemalolku, vaqtliroq boraveray deb yig‘ilishdan yarim soat oldin uydan chiqdim.

Soat 16-00ga belgilangan majlisga 16-20 bo‘libdiyamki, 3 nafar ota-onadan boshqa hech kim yo‘q. Vaholanki, sinfda 35 nafar o‘quvchi o‘qiydi. 10-15 daqiqadan keyin 16 nafar bo‘ldik. Sinf rahbari boshqa kuta olmasligini va yig‘ilishni boshlashini aytdi. Umumiy masalalar ko‘rildi: davomat, kiyinish madaniyati va hokazo.

– O‘quvchilar bitiruvchi sinfga o‘tishdi, bu degani xohlaganini kiyib kelishi, xohlagan darsiga kirib xohlamaganiga kirmasligi mumkin, o‘qituvchilarga aqllilik qilsa ham bo‘laveradi, degani emas. Qadrli ota-onalar sizdan shu holatlarni nazoratingizga olishingizni so‘rayman, – dedi sinf rahbari.

Shunda onalardan biri o‘rnidan turib, “o‘g‘limning qo‘shimcha darslari bor, shu mashg‘ulot vaqtiga to‘g‘ri kelgan darsga kirmaydi, o‘qituvchi istagan bahosini qo‘yaversin” dedi.

Shu joyida huquqshunosligim tutdi.

“Siz ona bo‘lib o‘qituvchiga shunday munosabatda bo‘lsangiz, farzandingizdan nima kutsin o‘qituvchi? Ustozga bo‘lgan hurmat avvalo oilada shakllanadi. Demak, oila davrasida ham shunday fikr bildiryapsizki, o‘quvchi ustozini mensimaslikni, darsiga kirmaslikni mumkin deb hisoblayapti”, deya fikr bildirdim.

Fikrimdan keyin qizg‘in tortishuvlar, munosabatlar boshlanib ketdi. Kuzatib turib shuni angladimki, o‘qituvchilar ham o‘z qadrini, mehnatining bahosini yetarli darajada anglamas ekan.

Aslida o‘qituvchilar ham o‘z huquqini bilishi va davlat tomonidan berilgan imtiyoz va imkoniyatlardan maksimal foydalanishi, qaysiki jamiyatda huquqlari ta’minlanmayotgan bo‘lsa, uni talab qilishi kerak.

Quyida pedagog xodimlar uchun qonunchilikda berilgan ayrim imtiyozlarni misol keltiraman:

Bolalarga ta’lim-tarbiya beradigan barcha pedagog xodimlar doimiy ravishda bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. Pedagoglar uchun 56 kunlik yillik haq to‘lanadigan uzaytirilgan ta’tillar beriladi. Pedagog xodimlar uchun ish vaqtining davomiyligi haftasiga ko‘pi bilan 36 soat qilib belgilanadi. Maktab o‘qituvchilariga faoliyatni baholash mezonlari asosida 10 foizdan 40 foizgacha, kutubxonachi va psixologlarga 10 foizdan 20 foizgacha ustama belgilanadi.

Fan olimpiadasi g‘olibini tayyorlagan o‘qituvchilar rag‘batlantiriladi. Olimpiada g‘olibi bo‘lgan o‘qituvchilarga 150 foizgacha ustama beriladi.

O‘qituvchilar kasal bo‘lib qolganida moddiy yordam beriladi. O‘zi dars beradigan fani bo‘yicha xalqaro tan olingan va milliy sertifikatga ega bo‘lgan o‘qituvchilarga ularning tarif stavkasiga nisbatan 50 foiz miqdorida har oylik qo‘shimcha ustama to‘lanadi. “Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktab” tanlovi g‘olibi bo‘lgan maktabga yarim milliard so‘m beriladi. Inklyuziv sinf o‘qituvchilariga 40 foizgacha ustama beriladi. Olis hududlarda dars berayotgan o‘qituvchilarga 50 foizgacha ustama beriladi.

Matematika, fizika, kimyo va biologiya fanlari bo‘yicha xalqaro va respublika olimpiadalari g‘oliblarini tayyorlagan professor-o‘qituvchilarga pul mukofoti beriladi. Ko‘p yillik stajga ega pedagoglar majburiy attestasiyaga jalb qilinmaydi. Xalqaro fan olimpiadalarini tayyorlagan o‘qituvchilarga malaka toifasi attestasiyasiz beriladi. Ta’lim muassasalarining chet tillar fanlari o‘qituvchilariga oylik ustamalar beriladi.

Shu o‘rinda o‘qituvchilarning faoliyatiga aralashganlik uchun javobgarlik borligini eslatib o‘tmoqchiman.

Yuqorida keltirilgan imtiyozlardan pedagog xodimlarning juda katta qismi bexabar va foydalanmayapti. Farzandlarimizga ustozni ulug‘lash, uning xizmatini yuksak baholash to‘g‘risida kundalik suhbatlarimiz orqali singdirishdan to‘xtamaylik.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!