“Xalqaro qizlar kuni” mamlakatimiz bo‘ylab keng nishonlandi

“Xalqaro qizlar kuni” mamlakatimiz bo‘ylab keng nishonlandi

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Toshkent shahar Kengashi Yoshlar markazida “Xalqaro qizlar kuni” munosabati bilan “Tashabbuskor, do‘st, hamfikrmiz, dugonajon” shiori ostida ijodiy kecha o‘tkazildi. Unda fan, san’at, madaniyat sohasi vakillari, Xotin qizlar qo‘mitasi vakillari, oliy ta’lim muassasalari talabalari, “Qizlarjon” klubi a’zolari, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faollari ishtirok etdi.

Barchamizga ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 5 iyuldagi “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi, 2018 yil 2 fevraldagi “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida yoshlarni, ayniqsa, qizlarni har tomonlama uyg‘un, yuksak axloqli, bilimli va milliy qadriyatlarga hamda ona Vatanga sodiq farzandlar qilib tarbiyalash vazifasi belgilangan.

Millat davomchisi bo‘lmish qizlarni ma’rifatli, ziyoli va onalik maqomiga munosib qilib voyaga yetkazish masalasiga alohida e’tibor qaratilgan. Bugunga qadar ushbu vazifalarni amalga oshirish maqsadida qator ishlar amalga oshirib kelinmoqda.  “Xalqaro qizlar kuni” munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda ham yuqoridagi vazifalar ustuvor qilib belgilandi. Kecha avvalida qizlarni madh etuvchi, ularning ijtimoiy faolligini oshiruvchi ijtimoiy rolik namoyish etildi.

Tashrif buyurgan mehmonlar O‘zbekiston xalq artistlari faxriy ustoz To‘ti Yusupova, el ardog‘idagi san’atkor Gavhar Zokirova mamlakatdagi ulkan o‘zgarishlar va yangilanishlarda yoshlar manfaatlari ustuvorlik kasb etayotganini alohida ta’kidlashdi. Yosh qizlar, ayollar masalasi, ularning salomatligini yaxshilash, ta’lim olishiga shart-sharoitlar yaratish, ijtimoiy muammolarini hal etishga ko‘maklashish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani quvonarli hol ekanligini va bu borada talaba-qizlarning faolligi ham muhim bosqich ekanligini turli hayotiy misollar orqali yetkazishdi.

Ayniqsa, qizlarning ta’lim olishida to‘siq bo‘layotgan masalalarni hal etish, yosh qizlarning zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallagan, milliy qadriyatlarni ardoqlovchi shaxslar qilib tarbiyalash dolzarb vazifa ekanligini bildirishdi. Hayotiy tajribalaridan misollar keltirishdi.

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi vakillari tomonidan O‘zbekiston Respublikasida Yoshlarga oid davlat siyosatining mazmun-mohiyati, mamlakatimiz qizlariga bo‘lgan e’tiborni yanada yuksak pog‘onaga ko‘tarilgani tushuntirildi. Qolaversa, “Qizlarjon” klubining qizlar o‘rtasida o‘zaro do‘stlik, hamfikrlik, bir-biriga daxldorlik munosabatlarini shakllantirishdagi o‘rni haqida ma’lumotlar berildi.

Eng muhimi, ishtirokchi qizlar farovon jamiyatni qurishda yuksak ma’naviyatli, mustaqil fikrlaydigan, keng dunyoqarash va chuqur bilimlarga ega tashabbuskor, shijoatli, el-yurt manfaati yo‘lida bor kuch-g‘ayrati, bilim va salohiyatini safarbar qiladigan, mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga qodir qizlar juda kerakli ekanligini yana bir bor teran anglashdi.  
Tadbir talaba-qizlarning qiziqishlarini yanada rag‘batlantirish, jamiyatdagi ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, tengdoshlari o‘rtasida hamkorlik va tashabbuskorlik muhitini yaratish borasida ahamiyatli bo‘ldi. Namunali xulqi, o‘qish va jamoat ishlaridagi faolligi uchun bir guruh talaba-qizlar O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan faxriy yorliq bilan taqdirlandi.

Tadbir doirasida ijodkor qizlarning ko‘rgazmasi, musiqiy chiqishlari namoyish etildi.

Shuningdek, tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Tanzila Narbayeva ishtirok etdi.

“Xalqaro qizlar kuni” mamlakatimiz bo‘ylab keng nishonlanmoqda.   

Manba: uza.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!