Xalq tabobati sohasi tartibga solinadi, tibbiyot oliygohlarida tegishli darslar kiritiladi — Prezident qarori

Xalq tabobati sohasi tartibga solinadi, tibbiyot oliygohlarida tegishli darslar kiritiladi — Prezident qarori

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining «O‘zbekiston Respublikasida xalq tabobati sohasini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Qaror matnida o‘tkir va murakkab kasalliklarni davolashda xalq tabobati muhim ahamiyat kasb etadi, tabiblarning xizmatlariga aholining turli qatlamlarida katta ehtiyoj sezilayotgani qayd etilgan.

Shu bilan birga, ushbu sohadagi vaziyatning tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, xalq tabobati yo‘nalishida ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlarda nazoratning yetarli darajada emasligi, shuningdek, xalq tabobatining zamonaviy tibbiyot tizimida tutgan maqomi va roli xususida qator savollar yuzaga kelayotgani sanab o‘tilgan.

Prezident qarorida xalq tabobati faoliyatini tartibga solish, to‘plangan tajriba va salohiyatdan samarali foydalanish, ushbu sohadagi normativ-huquqiy bazani shakllantirish hamda xalq tabobatining usullari va yutuqlaridan samarali va xavfsiz foydalanish uchun shart-sharoit yaratish maqsadida quyidagilar belgilanmoqda:

  • xalq tabobati aholiga tibbiy yordam ko‘rsatishning qo‘shimcha usuli sifatida e’tirof etiladi;
  • xalq tabobati usulida xizmat ko‘rsatish bo‘yicha faoliyatni lisenziyalash tibbiy faoliyatni lisenziyalash uchun belgilangan tartibda (tibbiy ta’lim ma’lumoti mavjudligi talabi bundan mustasno) amalga oshiriladi;
  • xalq tabobati usullaridan foydalangan holda tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi shaxslar o‘z faoliyatining natijalari bo‘yicha tibbiyot xodimlari uchun qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hajmda javobgar hisoblanadilar;
  • tibbiy xizmat ko‘rsatishga nisbatan qo‘yilgan talablar xalq tabobati usullaridan foydalangan holda tibbiy xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullanadigan shaxslarga ham tatbiq etiladi;

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi xalq tabobati usullarini qo‘llagan holda tibbiy faoliyatni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan talablarni, shuningdek, xizmat ko‘rsatish hajmi va tartibini belgilovchi vakolatli organ hisoblanishi belgilab qo‘yilmoqda.

Qarorda xalq tabobatini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari belgilab berilgan. Jumladan, xalq tabobati usullaridan foydalangan holda tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi shaxslarning huquqiy maqomini va ular tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlar oqibati uchun javobgarligini belgilash; xalq tabobati usullaridan foydalangan holda tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar va mutaxassislar, ularning ish tajribasi, ko‘rsatadigan xizmat turlari haqidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan yagona ma’lumotlar bazasini shakllantirish; ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini oshirish hamda aholiga tibbiy xizmatdan foydalanishda ongli ravishda tanlash imkoniyatini yaratish uchun xalq tabobatining ko‘p yillik ko‘nikmalari hamda amaliyotda tasdiqlangan ijobiy yutuqlarini zamonaviy tibbiyotga integrasiyalash orqali uning salohiyatidan foydalanish; xalq tabobati sohasida yetakchi mahalliy va chet el tibbiyot muassasalari hamda sog‘lomlashtirish amaliyot markazlari bilan yaqin hamkorlik qilish asosida xalq tabobati mutaxassislarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini yaratish belgilanmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va Innovasion sog‘liqni saqlash milliy palatasining taklifiga ko‘ra:

  • respublika tibbiyot oliy o‘quv yurtlarining «Davolash ishi», «Pediatriya ishi», «Tibbiyot-pedagogika ishi» bakalavriat yo‘nalishlaridagi o‘quv dasturlariga xalq tabobati bo‘yicha maxsus o‘quv siklini joriy etiladi;
  • Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutida xalq tabobati kafedrasi va «Xalq tabobati» yo‘nalishi bo‘yicha malaka oshirish kursi tashkil qilinadi;
  • Sog‘liqni saqlash vazirligi huzurida Xalq tabobati usullaridan foydalangan holda tibbiy xizmat ko‘rsatish faoliyatini lisenziyalash bo‘yicha maxsus komissiya tashkil etiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi:

2018 yil 15 noyabrga qadar davlat ta’lim standartlarining talablari asosida xalq tabobati bo‘yicha o‘quv dasturini hamda xalq tabobati usullaridan foydalangan holda tibbiy faoliyatni amalga oshirishga mo‘ljallangan binolarning sanitariya qoidalari, me’yorlari va gigiyenik normativlarini ishlab chiqadi va o‘rnatilgan tartibda tasdiqlaydi;

2018 yil 1 dekabrga qadar xalq tabobati usullaridan foydalangan holda tibbiy faoliyatni amalga oshirishda ishlatiladigan asbob-uskunalar va boshqa texnik vositalar, shu jumladan, tibbiy texnikaga nisbatan minimal talablarni; O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan birgalikda Xalq tabobati usullaridan foydalangan holda tibbiy faoliyat ko‘rsatish tartibi va hajmlari to‘g‘risidagi nizomni ishlab chiqsin va o‘rnatilgan tartibda tasdiqlaydi.

Manba: 7news.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!