Vaqtinchalik nizom tasdiqlandi

Vaqtinchalik nizom tasdiqlandi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini ekspluatasiya qilish ishlarini autsorsing asosida xususiy sektor tomonidan amalga oshirishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Unga muvofiq, umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini ekspluatasiya qilish ishlarini autsorsing asosida xususiy sektor tomonidan amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi vaqtinchalik nizom tasdiqlandi.

Nizomda:

autsorserni aniqlash, shartnoma tuzish va hisob-kitoblarni amalga oshirish tartibi;

autsorsing xizmatlarini moliyalashtirish tartibi;

autsorser va buyurtmachining huquqlari va majburiyatlari;

autsorsing xizmati ko‘rsatilishi yuzasidan monitoringni amalga oshirish tartibi belgilab berilgan.

Qarorga ko‘ra, 2024 yil 1 maydan boshlab tajriba-sinov tariqasida umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini ekspluatasiya qilish ishlariga autsorsing asosida xususiy sektorni jalb qilish loyihalari bo‘yicha e’lonlar davlat xaridlarining maxsus axborot portali hamda ommaviy axborot vositalariga, shuningdek, Avtomobil yo‘llari qo‘mitasining rasmiy veb-saytiga joylashtirib boriladi.

Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini ekspluatasiya qilish ishlariga autsorsing asosida xususiy sektorni jalb qilish bo‘yicha o‘tkaziladigan tajriba-sinov natijalariga ko‘ra ijobiy ko‘rsatkichlarga erishilgan taqdirda, 2025 yil 1 dekabrga qadar keyingi yillar uchun autsorsing asosida ekspluatasiya qilinadigan umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritiladi.

Toshkent davlat transport universitetida yo‘l xo‘jaligi xodimlari, shu jumladan, xususiy sektor vakillari uchun “Avtomobil yo‘llarini ekspluatasiya qilish” yo‘nalishida malaka oshirish va kasbiy qayta tayyorlash dasturi bo‘yicha alohida o‘quv kurslari tashkil etiladi.

Ushbu vaqtinchalik nizom 2026 yil 1 yanvarga qadar amal qiladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!