O‘zbekistonning uchta hududida gemodializ markazlari quriladi

O‘zbekistonning uchta hududida gemodializ markazlari quriladi

Davlatimiz rahbari joriy yilning 15 yanvar kuni Respublika ixtisoslashtirilgan nefrologiya va buyrak transplantasiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi qurilishi bilan tanishish chog‘ida yurtimizda nefrologiya sohasini rivojlantirish lozimligini ta’kidladi. 

Ma’lumki, mamlakatimizdagi tabiiy sharoit buyrak kasalliklarini keltirib chiqarish omillaridan biridir. Jumladan, 2020 yilda surunkali buyrak kasalligi bilan 118 mingdan ziyod bemor dispanser kuzatuvida turgan bo‘lsa, ularning 23 ming nafarida surunkali buyrak yetishmovchiligi bo‘lgan, 5 ming nafardan ziyodi esa gemodializga muhtojlik sezgan. Bu esa davolashning zamonaviy infratuzilmasini tashkil etish zaruratini yuzaga keltirayotgani rost.

Ushbu yo‘nalishdagi ishlarni rivojlantirish maqsadida bugun Sog‘liqni saqlash vazirligi “Nefroplyus” (Hindiston) kompaniyasi bilan davlat-xususiy sheriklik asosida gemodializ xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha kelishuvga erishdi.

Bugungi kunda yurtimizda barcha gemodializ xizmatlari byudjet mablag‘lari hisobidan davlat tibbiyot muassasalari tomonidan amalga oshirilmoqda. Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ushbu yo‘nalishdagi xorijiy tajribani o‘rganish natijasida ko‘p davlatlarda bu xizmatlar xususiy sektor bilan hamkorlikda amalga oshirilishi aniqlandi. 

Shuningdek, vazirlik bir yil davomida xalqaro ekspertlarni jalb etgan holda yurtimizda gemodializ xizmatlarining sifati, ularni tashkil qilish mexanizmi, texnologiyasi va ularni jahon standartlariga olib chiqish uchun nimalar qilish kerakligi haqida hisobot tayyorladi. Natijada mamlakatimizning hududlarida eng zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan gemodializ markazlari barpo etish ehtiyoji borligi aniqlandi. 

— Bugungi kelishuv asosida Hindistonning “Nefroplyus” kompaniyasi bemorlarga gemodializ muolajasini ko‘rsatish sohasida faoliyat olib boradi, — dedi Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Abdulla Azizov. — Davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshiriladigan loyihaning narxi 9,8 million AQSh dollari deb baholangan bo‘lib, uni amalga oshirishning birinchi bosqichi davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm viloyati va Toshkent shahrida jami 4 ta gemodializ markazi quriladi va u zarur zamonaviy tibbiy jihozlar hamda malakali mutaxassislar bilan ta’minlanadi. Loyiha doirasida 10 yil davomida ushbu hududlarda gemodializga muhtoj 1 100 nafar bemorga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatiladi. 

Yangi zamonaviy gemodializ markazlari  xalqaro standartlarga mos ravishda qurilib, 2022 yilning fevral oyida ishga tushiriladi. Loyihaning ikkinchi bosqichida mamlakatimizning boshqa hududlarida ham huddi shu jarayonlarni davom ettirish rejalashtirilgan.

Muhimi, davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirilayotgan ishlar doirasida yurtimizga investisiya kirishi hamda tibbiy xizmatlar sifati oshishi barobarida yuqori texnologiyalar ham kirib keladi. DXShning shartlariga ko‘ra, “Nefroplyus” kompaniyasi bitim muddati tugaganidan so‘ng (10 yildan keyin) qurilgan gemodializ markazlari binolarni tibbiy uskuna va yaratilgan sharoitlari bilan Sog‘likni saqlash vazirligiga  topshiradi.

Ta’kidlash lozimki,  hozirgi kungacha vazirlik tomonidan  davlat-xususiy sheriklik asosida 12 ta loyiha imzolandi. Bugungi kunda tibbiyot yo‘nalishida  respublika miqyosida amalga oshiriladigan 14 ta xalqaro loyiha hamda 2 ta yirik loyiha ustida ishlanmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!