O‘zbekistonda daraxtlarni kesishga muddatsiz moratoriy joriy qilinadi

O‘zbekistonda daraxtlarni kesishga muddatsiz moratoriy joriy qilinadi

O‘zLiDePning X qurultoyida nutq so‘zlagan Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda daraxtlarni kesishga muddatsiz moratoriy joriy qilinishini ma’lum qildi.

Davlat rahbarining ta’kidlashicha, bundan buyon parklar va yashil zonalar hududini boshqa maqsadlar uchun ishlatish qat’iyan man etiladi. Butun mamlakat bo‘ylab «Yashil makon» umummilliy loyihasi tatbiq etiladi. Xonadon, ko‘cha, mahalla va qishloq, shaharlarda, yo‘l bo‘ylari va dala chetlariga daraxtlar ekish, hudud iqlimiga mos ko‘chatlarni yetishtirish, sug‘orish hamda parvarish qilish tizimi joriy etiladi.

Bu tizim orqali hududlarda har yili kamida 200 million tup daraxt ko‘chatlari ekiladi.

Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar markazlarida «Yangi O‘zbekiston bog‘i» namunasi asosida, kamida 50 gektar maydonda yashil bog‘lar barpo etiladi. Shaharlar va tuman markazlarida har 50-100 ming aholi uchun, yashil parklar tashkil etiladi.

Bundan tashqari, kelgusi yillarda Orol dengizining qurigan tubida qo‘shimcha 500 ming gektar yashil maydonlar barpo etilib, ularning umumiy hajmi 2,5 million gektarga yoki hududning 78 foiziga yetkaziladi.

Orolbo‘yida xalqaro Yashil iqlim va Global ekologik jamg‘armalari hisobidan bioxilma-xillik, iqlim o‘zgarishi va tuproq yemirilishining oldini olishga qaratilgan 300 million dollarlik loyihalar amalga oshiriladi.

«Bularning barchasi Qoraqalpog‘iston hamda Xorazm vohasining ekologik sharoitini yaxshilash, ushbu hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga katta hissa qo‘shadi», — dedi Prezident.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!