O‘zbekistonda bir yilda deyarli 1900 kishi OITS qurboni bo‘ldi

O‘zbekistonda bir yilda deyarli 1900 kishi OITS qurboni bo‘ldi

1 dekabr kuni dunyo xalqlari OITSga qarshi kurash kunini nishonlaydi. Ushbu kunda biz jahon bo‘ylab bunday qo‘rqinchli kasallik tufayli vafot etgan qariyb 39 million kishini va ularning ortida qolgan g‘amgusor oilalarini yodga olamiz, deyiladi AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi e’lon qilgan maqolada.

«Biz OIV virusi bilan og‘rigan o‘n millionlab odamlarning og‘riqlariga e’tibor qaratamiz, – deydi maqola muallifi AQShning muvaqqat ishonchli vakili Alan Melser. – OITS shunday bir qotilki, u na jins, na irq, na millat va na chegara biladi. Ilk bor 1981 yili aniqlanganidan buyon, u dunyodagi har bir mamlakatni chuqur qayg‘uga botirib, yo‘qotishlarga olib keldi. Mening Vatanimda bu kasallik yarim milliondan ortiq kishining umriga zomin bo‘ldi. YUNEYDS hisobotiga ko‘ra, 2017 yilda O‘zbekistonda taxminan 1900 kishi shu kasallik tufayli vafot etgan. OITS jahon miqyosidagi ofat ekan, unga qarshi samarali kurashish uchun xalqaro hamkorlik katta ahamiyat kasb etadi».

Mutaxassisning qayd etishicha, Amerika Qo‘shma Shtatlari O‘zbekistonda bu halokatli kasallikka qarshi 2001 yildan buyon mahalliy va xalqaro hamkorlar bilan birga kurashib kelmoqda, buning natijasida ko‘plab kishilar hayotini saqlab qolingan. Qo‘shma dasturlar tufayli O‘zbekistondagi ko‘plab kishilar bu kasallikni o‘z vaqtida aniqlash, sifatli parvarish, hayotiy zarur antiretrovirus davolanish hamda o‘z jamoalaridan ijtimoiy ko‘mak olishga muvaffaq bo‘lgan. Birgina 2017 yili O‘zbekistondagi 20 000 dan ortiq kishi Qo‘shma Shtatlar asosiy hamkor sanalgan Global jamg‘arma mexanizmi orqali antiretrovirus davolanish imkoniga ega bo‘ldi.

YUNEYDS ma’lumotiga ko‘ra, 2004 yildagi eng yuqori ko‘rsatkichdan buyon, butun dunyoda OITS bilan bog‘liq o‘lim ikki baravarga kamaydi. 1996 yildan esa yangi OIV infeksiyalar 47 foizga qisqardi.

«O‘n besh yil avval OITS o‘limga mahkumlikni anglatardi. Hozirgi kunda esa, zamonaviy tariximizda birinchi marta, pandemiyani vaksina va yo davolashsiz nazorat qilgan holda, qachondir imkonsiz deb ko‘rilgan narsani amalga oshirishday tarixiy imkoniyat tug‘ildi. AQSh va uning butun dunyodagi hamkorlari shu maqsadga erishish uchun tinmay mehnat qilmoqda hamda bu halokatli kasallikka butunlay barham berish yo‘lida qo‘yilgan navbatdagi qadam sifatida Butunjahon OITSga qarshi kurash kunini nishonlashdan faxrlanadi», deydi Alan Melser.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!