“UzAutoMotors” AJga bog‘liq sud ishi bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumotlar berildi

“UzAutoMotors” AJga bog‘liq sud ishi bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumotlar berildi

Bugun, 23 oktyabr kuni, Toshkent shahar ma’muriy sudida “UzAutoMotors” AJning O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi maxsus komissiyasining 21/31-sonli ishiga oid 2020 yil 19 avgustdagi qarorini haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi shikoyat arizasini ko‘rib chiqish bo‘yicha o‘tkazilayotgan sud jarayoni davom etdi.

Ushbu ma’muriy ish sudya G‘. Davlatov raisligida ko‘rilmoqda.

Bugun sud jarayoni o‘z ishini yopiq sud majlisida davom ettirib, unda “UzAutoMotors” aksiyadorlik jamiyati tomonidan ishlab chiqariladigan mahsulotlarni tan narxi shakllantirilishi metodikasi, chetdan olib kelingan butlovchi ehtiyot qismlarining narx oshishi, xorijiy valyuta kursini oshishi tan narxlarini shakllantirilishida ta’siri, ushbu holatlar tekshiruvchilar tomonidan inobatga olinmaganligi hamda ehtiyot qismlarining tan narxi oshishi to‘liq o‘rganilmasdan, faqatgina tanlov asosida o‘rganilganligi, jamiyat tomonidan ish haqi va reklama xarajatlari tekshirish davomida to‘liq inobatga olinish holatlari taraflar o‘rtasida muhokama qilindi.

MQKQ vakillari tomonidan mazkur holatlarga tushuntirish berilib, haqiqatda ham tekshirish davomida bir necha marotaba hujjatlar taqdim etish so‘ralganida jamiyat tomonidan tegishli hujjatlar o‘z vaqtida taqdim etilmaganligi, tekshirish muddati yakunlanishiga kam vaqt qolganligi sababli umumiy hisob-kitoblar tanlov asosida o‘rganib chiqilganligini, shuningdek ushbu tekshirishda aniqlangan 942,8 mlrd. so‘m asossiz hisoblangan harajatlar ishlab chiqariladigan avtomashinalar rejasiga qarab hisoblanganligi, agarda ushbu ishlab chiqariladigan avtomashinalar soni kamayganida yoki ko‘payganida ushbu hisoblangan asossiz xarajatlar miqdori ham o‘zgarishi mumkinligini bildirib o‘tishdi.

Shuningdek, “UzAuto Motors” aksiyadorlik jamiyati vakillari narx shakllanishida kiritilgan tayyor mahsulotlarni tashish bilan bog‘liq xarajatlar Qo‘mita tomonidan inobatga olinmaganligini bildirib o‘tishdi.

Shundan so‘ng, tekshirishda aniqlangan jamiyat tomonidan tovarlarni ichki bozorda dilerlar orqali sotishda teng bo‘lmagan sharoitlarda taqsimlashda qonunbuzilish holatlari yuzasidan taraflar o‘z fikr mulohazalarini bildirishdi.

Taraflardan boshqa iltimosnoma va qo‘shimcha hujjatlar mavjud emasligi, barcha vajlar muhokama qilinganligi sababli, prokuror tomonidan ish hujjatlarini o‘rganish va sud muzokarasiga tayyorgarlik ko‘rish uchun iltimosnoma keltirildi.

Navbatdagi sud majlisi 2020 yil 30 oktyabr kuni soat 11.00 da o‘tkaziladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!