"Unikiga o‘g‘irlikka kelgandim, o‘zi meni o‘g‘irladi"

"Unikiga o‘g‘irlikka kelgandim, o‘zi meni o‘g‘irladi"

Zikr qilinishicha, bir o‘g‘ri Molik ibn Dinor rahimahullohning devorlariga tirmashib, hovliga tushib, o‘g‘irlagani ul-bul narsa axtardi. Lekin hech narsa topa olmadi. Qarasa, uy egasi namoz o‘qiyapti. Molik rahimahulloh namozni tezda o‘qib, o‘g‘riga o‘girilib qaradilar va unga salom berdilar. Keyin: Ey birodarim, Alloh seni kechirsin. Uyimga kirding, ammo oladigan narsa topmading. Men seni bu uydan biror foyda topmay chiqishingga qo‘ymayman dedilar.

O‘rnilaridan turib, idishda suv keltirib, o‘g‘riga: Tahorat qilib, ikki rakat namoz o‘qi. Shunda sen talabida kelgan narsang (molu dunyo)dan ko‘ra yaxshiroq narsa bilan qaytasan dedilar. Bu gaplarni eshitgan o‘g‘ri: Xo‘p bo‘ladi, jonim bilan! dedi-da, turib, tahorat oldi va ikki rakat namoz o‘qidi. Namoz o‘qib bo‘lgach: Ey Molik, yana ikki rakat ziyoda qilsam degandim dedi. Molik rahimahulloh: Alloh seni qodir qilganicha qo‘shaver! dedilar. O‘g‘ri tonggacha to‘xtamay namoz o‘qidi.

U namoz o‘qib bo‘lgach, Molik rahimahulloh: To‘g‘ri yo‘lda yurib, uyingga qayt dedilar. O‘g‘ri: Ey sayyidim, bugun siznikida tursam degandim. Chunki, bugun men ro‘zani niyat qildim dedi. Shunda Molik rahimahulloh: Menikida istaganingcha tur! dedilar. O‘g‘ri u zotning uylarida bir necha kun kunduzlari ro‘za tutib, kechalari namoz o‘qib yashadi.

Bir necha kundan so‘ng o‘g‘ri uyiga qaytmoqchi bo‘lganida u zotga: Ey Molik, men tavbani niyat qildim dedi. Shunda Molik rahimahulloh: Bu ish Alloh azza va jallaning qo‘lidadir dedilar. O‘g‘ri o‘sha onda tavba qildi va tavbasi chiroyli bo‘ldi. Keyin u zotning huzurlaridan chiqdi. Bir payt o‘g‘rilardan biri unga yo‘liqib: O‘ylashimcha, birorta konga tushibsan shekilli? deb so‘radi. Shunda u: Ey birodarim, Molik ibn Dinornikiga tushdim. Unikiga o‘g‘irlikka kelgandim, o‘zi meni o‘g‘irladi. Men Alloh azza va jallaga tavba qildim. Endi esa men bu eshikni (tavba eshigini) lozim tutaman. Ahboblar (Allohning yaxshi ko‘rgan bandalari) yetgan maqomga yetmagunimcha bu eshik yonidan jilmayman deb javob berdi.

Manba: islom.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!