To‘raqo‘rg‘on IESda avariyali o‘chish sodir bo‘ldi. Vazirlik munosabat bildirdi

To‘raqo‘rg‘on IESda avariyali o‘chish sodir bo‘ldi. Vazirlik munosabat bildirdi

Hodisa bugun, 20 noyabr kuni soat 15:45da sodir bo‘lgan. Bu haqda «Namangan HETK» AJ operativ dispetcherlik xizmati boshlig‘i Muhammadali Irisqulov ma’lum qilgan.

Irisqulovning ma’lum qilishicha, O‘zbekiston energotizimini Qozog‘iston Respublikasi orqali Rossiya Federasiya bilan bog‘lovchi 500 kVAli 530-sonli tarmoq ham favqulodda o‘chgan.

Bu Namangan viloyatining elektr energiyasi ta’minotida jiddiy muammolar keltirib chiqarishi mumkin. Chunki birgina Namangan viloyatining 27ta 100 kVAli elektr uzatish tarmoqlarida uzilish sodir bo‘lgan. 

"Joriy yilning 20 noyabr kuni soat 15-51da To‘raqo‘rg‘on IESning 2 ta energobloki avariyaviy to‘xtadi. Buning natijasida mazkur stansiya orqali energotizimga yetkazib berilayotgan quvvat 600 MVtga kamaydi.

Buning oqibatida vodiy viloyatlari, Toshkent shahri, Samarqand, Buxoro va Qashqadaryo viloyatlarida avtomatik ravishda cheklovlar kiritildi. 

Operativ tarzda o‘tkazilgan o‘rganishlarga ko‘ra, avariyaviy to‘xtash 2-energoblokining yuqori bosimli barabanidagi o‘lchov datchiklarining impuls liniyasi muzlab qolishi va buning oqibatida suv satxining ko‘tarilishi natijasida ro‘y bergan. 1-energoblok esa chastotaning pasayishi natijasida to‘xtagan.

Ushbu quvvat yetishmovchiligini qoplash uchun Taxiatosh IESda quvvati 280 MVt bo‘lgan 1-energoblok soat 16-30da ishga tushirildi. Hozirda 30 MVt quvvatda ishlamoqda. Soat 22-00ga qadar 200 MVt quvvatga chiqariladi.

Tolimarjon IESda quvvati 450 MVt bo‘lgan 2-energoblokning gaz turbinasi soat 16-11 da ishga tushirildi. Hozirda 300 MVt to‘liq quvvatda ishlamoqda.
 
Hozirda To‘raqo‘rg‘on IESda muzlagan himoya datchiklarini sozlash ishlari bajarilib, 2-energoblok soat 17:50 da tizimga ulandi. Ayni paytda 150 MVt quvvat bermoqda. Bugun soat 19:00 ga qadar quvvati 250 MVtga chiqariladi. 1-energoblok bugun soat 19:30 gacha ishga tushirilib, tizimga 200 MVt quvvat beradi. Natijada bugun soat 21:00 ga qadar ushbu energobloklarda 700 MVt quvvatga yetadi.

Shuningdek, elektr ta’minotidagi uzilish sababli Zirabuloq kompressor stansiyasida bugun soat 15-45 da 4 ta va 15-55 da G‘allaorol kompressor stansiyasida 4 ta gaz haydash agregatlarining vaqtincha to‘xtashi ro‘y berdi. Soat 16-35 ga qadar elektr ta’minoti tiklanib, kompressor stansiyalari shtat rejimda ishlashga o‘tdi", deyiladi Energetika vazirligi Matbuot xizmati xabarida.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!