Toshkent viloyatida ota o‘g‘li uchun jinoyatga qo‘l urdi

Toshkent viloyatida ota o‘g‘li uchun jinoyatga qo‘l urdi

Ota o‘g‘liga nisbatan tayinlanishi mumkin bo‘lgan jazoni yumshatish uchun Toshkent viloyati Ohangaron shahar ichki ishlar bo‘limi tergovchisiga 200 dollar pora taklif qildi.

Gap shundaki, joriy yilning 27 avgust kuni kech soat taxminan 2 larda namanganlik haydovchi U.S boshqaruvidagi “Lasetti“si bilan surxondaryolik N.Z ni urib yuboradi. Oqibatda og‘ir tan jarohati olgan 47 yoshli N.Z voqea joyida vafot etadi.

“Guliston – Bo‘ka – Angren Qo‘qon Andijon O‘sh“ yo‘lining Ohangaron shahar hududida ro‘y bergan mazkur holat yuzasidan shu kuni Ohangaron shahar IIB huzuridagi tergov bo‘linmasi tomonidan fuqaro U.S ga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi.

Kuni kecha – 14 sentyabr kuni soat taxminan 8:30 larda o‘zini ayblanuvchi U.S ning otasi M.A, deb tanishtirgan fuqaro tergovchi X.F ning xizmat xonasiga kelib, o‘g‘li U.S ga jinoyat ishi bo‘yicha yengillik qilish, avtoulovni jarima maydonchasidan chiqarish, haydovchilik guvohnomasidan mahrum etmaslik va o‘g‘liga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llamaslik uchun tergovchiga 200 dollar berishni taklif qilgan.

Ushbu holat yuzasidan tergovchi X.F rahbariyatiga xabar qilib, fuqaro M.A ga nisbatan pora taklif qilgani uchun tegishli tartibda chora ko‘rishlarini so‘ragan.

Viloyat IIB tezkor xodimlari va Ohangaron shahar prokuraturasi xodimlaridan iborat tezkor guruh tomonidan fuqaro M.A tergovchi X.F ga 200 dollar pora berayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi. Ayni paytda mazkur holat bo‘yicha tergovga qadar surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Manba: uza.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!