Tomorqadan samarali foydalanmaganlik uchun javobgarlik kuchaytiriladi

Tomorqadan samarali foydalanmaganlik uchun javobgarlik kuchaytiriladi

 

Kecha, 13 aprel kuni Oliy Majlis palatalari Kengashlarining «Dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer uchastkalaridan foydalanish samaradorligini yanada oshirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Qo‘shma qarori qabul qilindi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar berdi.

Mazkur Qo‘shma qaror bilan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer uchastkalaridan foydalanish samaradorligini yanada oshirishga doir chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi.

Aholiga o‘z tomorqasidan samarali foydalanishda har tomonlama yordam berilishiga ko‘maklashish maqsadida parlament a’zolaridan iborat Ishchi guruhi tuzildi hamda uning asosiy vazifalari belgilab olindi.

Endilikda hududlar, ayniqsa, qishloq xo‘jaligi sharoiti og‘ir bo‘lgan tumanlarda ekinlar ekilishi ahvolini har oyda deputatlar va senatorlar tomonidan o‘rganiladi, aniqlangan muammo va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan amaliy choralar ko‘riladi.

O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi huzuridagi Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘idan maqsadli foydalanishni tashkil etishga ko‘maklashiladi. Shu maqsadda Ishchi guruh tomonidan Jamg‘arma mablag‘laridan joylarda qanday foydalanilayotgani doimiy o‘rganib boriladi va shu yuzasidan takliflar ishlab chiqiladi.

Bundan tashqari, aholi tomorqalaridan samarali foydalanish, dehqon xo‘jaliklari, tomorqa yer egalari shaxsiy manfaatdorligi va mas’uliyatini oshirish borasidagi ishlar yuzasidan tegishli vazirlik, idoralar hamda mahalliy hokimliklar rahbarlarining Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati majlislarida hisobotini eshitish amaliyotini yo‘lga qo‘yiladi.

Qolaversa, kam ta’minlangan va qarovchisi yo‘q oilalarga ilg‘or fermerlar biriktirilib, ularga tomorqa yerlariga ishlov berish, ekin ekish va parvarishlash bo‘yicha yordamlashiladi. Shu jarayonlarning barchasi deputatlik tomonidan nazorat qilib boriladi. Yerdan samarali foydalanayotgan tomorqa yer egalarini rag‘batlantirish ham ko‘zda tutilgan bo‘lib, bu amalda o‘z natijasini berishi, shubhasiz.

Shuningdek, xo‘jaliklari va tomorqa yer uchastkalaridan samarali foydalanmaganlik uchun javobgarlik kuchaytiriladi.  Shu maqsadda bir oy muddatda dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer uchastkalaridan foydalanishni tartibga soluvchi amaldagi qonun hujjatlari inventarizasiyadan o‘tkazilib, takliflar tayyorlanadi. Ushbu sohaga doir qonun hujjatlari loyihalari ishlab chiqiladi.

Masalaning dolzarbligidan kelib chiqib, har chorakda mutasaddi vazirlik va idoralarning dehqon xo‘jaliklari va aholi tomorqalaridan samarali foydalanish hamda mahsulot ishlab chiqarishni oshirish bo‘yicha olib borayotgan ishlari yuzasidan axborotlari eshitib borilib, hududlarda muntazam muhokamalar o‘tkaziladi.

Parlament palatalari Kengashlarining ushbu Qo‘shma qarori aholining turmush tarzini yanada yaxshilash, ularning bandligini ta’minlash, tomorqalarda yetishtirilgan arzon, sifatli va xavfsiz oziq-ovqat mahsulotlarini ichki va tashqi bozorga yetkazib berishda muhim ahamiyat kasb etadi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!