Endilikda Koreyaga mavsumiy ishlarga o‘zbekistonliklar yuboriladi

Endilikda Koreyaga mavsumiy ishlarga o‘zbekistonliklar yuboriladi

Endilikda Koreyaga mavsumiy ishlarga o‘zbekistonliklar yuboriladi.

Bu haqda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri Behzod Musayev Koreya Adliya vaziri Pak Son Je bilan uchrashuvda kelishuvga erishdi.

Seulda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda, dastlab ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari xususida so‘z bordi. Mehnat munosabatlariga oid mavjud muammolar o‘rtaga tashlanib ularning yechimi yuzasidan fikr almashildi.

Olib borilgan muzokaralar natijasida endilikda yurtdoshlarimiz Koreyada qishloq xo‘jaligi sohasidagi mavsumiy ishlarda mehnat qilishi mumkin bo‘ladi.

Xususan, qishloq xo‘jaligi, agrotexnologiyalar bo‘yicha ishlab, malakasini oshiradi, bu orqali ayni yo‘nalishdagi bilim va ko‘nikmalarini boyitib, yurtimizga katta tajriba bilan qaytishi mumkin.

Bundan tashqari professional kasb-hunarga ega bo‘lgan o‘g‘il-qizlarning ham Koreyada ishlash imkoniyatlari paydo bo‘lmoqda.

Aytish kerakki, ushbu yo‘nalishda ya’ni, ma’lum bir kasb-hunarga ega bo‘lgan, qo‘lida diplomi bor mutaxassislar ko‘p. Endilikda ular ham o‘z sohasidan kelib chiqib Koreyada faoliyat olib borishi yo‘lga qo‘yiladi.

Ayni yo‘nalishda Adliya vazirligi bilan kelishuvga erishildi. Uchrashuvda yurtdoshlarimizning namunali faoliyat olib borishi, Koreya davlati qonunlarini hurmat qilishi ikki davlat hamkorlik munosabatlarining yanada taraqqiy etishiga xizmat qilishi qayd etildi.

Koreyaga vaqtincha ishlash uchun boradigan har bir nomzod bilan mutaxassislar alohida shug‘ullanishi, ushbu davlatning mehnat va migrasiya qonunchiligi, madaniyati, urf-odat va an’analari xususida axborotlar berib borilishi ma’lum qilindi.

Koreya Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan alohida qayd etildiki, agarda o‘zbekistonlik ishchilar Koreya Respublikasining mehnat qonunchiligini buzmasa, nolegal faoliyatga o‘tmasa, o‘z ish joylarini asossiz tashlab ketmasa Koreya tomoni hamyurtlarimiz uchun har qanday ishchi viza turini eng yuqori darajada ochib berishga tayyorligini bildirdi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!