Tizzangiz nega og‘riydi?

Tizzangiz nega og‘riydi?

Yaqinlarimizdan “Tun bo‘yi tizzam og‘rib chiqdi”, “Oyoq bosishga qiynalyapman” degan shikoyatlarni eshitganmiz. Ayniqsa, katta yoshli insonlar bu darddan ko‘proq aziyat chekishi ham ko‘pchilikka ma’lum.

Odatda, bu xastalik xalq orasida “tuz yig‘ilishi” degan nom bilan ataladi. Aslida esa unga tizzada tuz yig‘ilishi emas, balki bo‘g‘im tog‘aylarining mo‘rtlashishi va yemirilishi sabab bo‘ladi.

Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Murod Irismetov bilan aholi o‘rtasida keng tarqalgan ushbu kasallik — osteoartrozning kelib chiqish sabablari, belgilari va davolash usullari haqida suhbatlashdik.

— Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda dunyo aholisining 16 foizgacha qismi osteoartrozdan aziyat chekadi, — deydi shifokor. — Kasallik odatda 40 yoshdan oshgan bemorlarda kuzatiladi.

Soddaroq tushuntirsak, tanamizdagi suyaklar bir-biridan tog‘ay bilan ajralib turadi. Suyaklar bo‘g‘im yuzalari esa bo‘g‘im paylari bilan mustahkamlangan. Ular harakat chog‘ida yuzaga keladigan tashqi zarbalarga qalqon bo‘ladi.

Bo‘g‘imlar ichki qavati maxsus parda bilan qoplangan bo‘lib, bo‘g‘im bo‘shlig‘iga suyuqlik chiqarib turadi. Shu tufayli bo‘g‘imlar elastikligi ortadi va harakat-tayanch vazifasini o‘taydi.

Osteoartrozda bo‘g‘im tog‘aylarining elastikligi kamayib, dag‘allashadi va asta-sekin qotadi. So‘ng tog‘ay qavati yupqalashib, bora-bora yemiriladi va suyaklarning tog‘ay bilan qoplangan yuzasi ochiladi.

Oqibatda suyaklar harakat vaqtida bir-biriga ishqalanib, eroziya yuzaga keladi. Suyaklar yon qirralaridan suyak o‘simtalari paydo bo‘ladi. Bo‘g‘im cho‘zilishi bilan bog‘liq harakatlarda og‘riq paydo bo‘ladi.

Kasallikni keltirib chiqaruvchi omillar turlicha. Bo‘g‘imlarning tug‘ma yetilmasligi — shulardan biri. Homiladorlik davridagi zo‘riqish va jarohatlar, o‘tkir, surunkali artrit, endokrin buzilishlar hamda nerv kasalliklari ham osteoartrozni yuzaga keltiradi.

Bundan tashqari, bo‘g‘imlar yallig‘lanishi, ular ichidagi suyak sinishlari xastalikni paydo qiluvchi omillar sirasidan. Kamharakatlilik, yog‘li taomlarni ko‘p tanovvul qilish esa semizlikka olib keladi.

Oqibatda o‘z-o‘zidan bo‘g‘im to‘qimalariga ozuqa va kislorod yetib borishi jarayoni qiyinlashadi. Shunday vaziyatlarda bo‘g‘imlarga tushadigan ozgina og‘irlik ham osteoartroz rivojlanishiga turtki bo‘ladi.

Kasallikning mayda bo‘g‘imlar jarohatlanishi bilan kechadigan tugunli turida esa nasliy moyillik hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, artrozning tog‘ay bo‘g‘imi qarishi bilan bog‘liq bo‘lgan yoshga doir turi ham mavjud.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!