Timur Kapadze: Tarkibimizda teng kuchga ega futbolchilar yig‘ildi

Timur Kapadze: Tarkibimizda teng kuchga ega futbolchilar yig‘ildi

O‘zbekiston U23 terma jamoasi bosh murabbiyi Timur Kapadze va o‘yinning eng yaxshi futbolchisi Alisher Odilov Vyetnamga qarshi bahsdan keyin matbuot anjumanida ishtirok etdi.

Timur Kapadze:
– Avvalambor, barcha xalqimizni g‘alaba bilan tabriklayman. Bu o‘yinga ham yetarlicha tayyorgarlik olib bordik. Muhimi, jarohatlar yo‘q. Endi keyingi bosqich haqida o‘ylashimiz kerak. Tayyorgarlikni bugundan boshlaymiz.

Guruh bosqichida gol o‘tkazib yuborilmagani haqida
– Albatta, bundan xursandmiz. Bu jamoaviy mehnat. Keyingi uchrashuvlarda ham gol o‘tkazmaslikka harakat qilamiz.

Saudiya Arabistoniga qarshi kechadigan o‘yin va 2 yil oldingi jamoa haqida
– 2 yil oldingi Saudiya Arabistoni bilan hozirgi jamoaning farqi bor, xususan bizda ham. O‘ylashimcha, bu vaqt oralig‘ida o‘sishga erisha oldik. Ular bilan Osiyo o‘yinlarida ham to‘qnash keldik. Yaxshi jamoa, biroq bizning ham o‘z maqsadimiz bor va bu yo‘lda mehnat qilishda davom etamiz.

Guruh bosqichi va play-off haqida
– Uch o‘yin ham o‘ziga yarasha qiyin bo‘ldi. Play-off o‘yinlarida kuchsiz raqib bo‘lmaydi. Biroq, aytganimdek, o‘z rejamiz bo‘yicha davom etamiz. Bizda tayyorgarlik uchun 2 kun vaqt bor. Men futbolchilarimga ishonaman.

Turnirga tayyorgarlik va “Olimpik” klubi haqida
– Olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritish yo‘lida “Olimpik” tashkil etildi. Jamoa yig‘ilayotganda asosan o‘z klublarida zaxirada qolib ketayotgan futbolchilar jalb etildi. Ularga ko‘proq o‘yin amaliyoti berib, yangi darajaga olib chiqishga erishdik. Ularda o‘zlariga bo‘lgan ishonch paydo bo‘ldi. Tayyorgarlik uzoq davom etdi. Ko‘plab futbolchilarni sinovdan o‘tkaza oldik. Tarkibimizda teng kuchga ega futbolchilar yig‘ildi.

Alisher Odilov:
– Bizni qo‘llab-quvvatlagan barcha yurtdoshlarimizga rahmat. G‘alaba bilan tabriklayman. Endilikda bor e’tiborimizmi keyingi o‘yinga qaratamiz.

Guruh bosqichda gol o‘tkazib yubormaslik haqida
– Murabbiyimiz ta’kidlaganidek, bu juda ham muhim va biz musobaqaning qolgan 3 o‘yinida ham gol o‘tkazmasdan chempion bo‘lmoqchimiz.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!