Teatr – barchani birlashtiradigan, zavq ulashadigan maskan

Teatr – barchani birlashtiradigan, zavq ulashadigan maskan
Joriy yilning 15 sentyabridan boshlab “Diydor” teatr-studiyasining yangi mavsumi “Qiyiq qizning quyilishi” komediyasi bilan ochildi.
 
Teatr – yangilik, izlanish, tajribalar bilan yanada yosharib, xoslik darajasini o‘stirib boraveradi. Olis davr ruhiyatini, o‘tmishning turfa xil xarakterdagi kishilari obrazini o‘z o‘quvchisiga yaqinlashtirishda mohir tarjimonning o‘rni beqiyos. “Qiyiq qizning quyilishi” komediyasi O‘zbekiston xalq shoiri, dramaturg, asar tarjimoni Turob To‘la tavalludining 100 yilligi munosabati bilan sahnalashtirildi.
 
Bahodir Yo‘ldoshev, O‘zbekiston xalq artisti, “Diydor” teatr studiyasi badiiy rahbari:
 
– “Diydor” teatr-studiyasi o‘quv studiyasi bo‘lgani uchun bo‘lajak aktyorlar har xil uslubdagi spektaklda toblanishlari kerak. Nafaqat mening rejissyorlik maktabim asosida, balki dunyo rejissyorlari uslubini ko‘rib ham tarbiya olishlari muhim. Shu ma’noda biz Rossiyadan rejissyor taklif qildik. Sergey Potapov ushbu asarga qo‘llagan rejissyorlik uslubi jahon teatrining uslublaridan biri. Bu noodatiy yondashuv nainki teatrimiz yoshlariga, tomoshabin uchun ham katta maktab. Tomoshabinimiz turli rejissyorlar uslublarini “o‘qish“ni o‘rganishi lozim.
Shoir Turob To‘la bilan juda ko‘p yillar hamkorlikda ijod qilganmiz. U kishidan o‘rganganlarim bisyor. Ayniqsa, she’riyatni tushunish, yaxshi she’rni qadrlash borasida. Turob aka yaxshi shoir bo‘lishi bilan bir qatorda noyob tarjimon ham edilar. Ular uchun tarjima ko‘ngil ishi edi. Uilyam Shekspirning mazkur asarini ham yaxshi ko‘rganidan tarjima qilganlar va tarjimonni Uilyam Shekspirga bo‘lgan muhabbati bu spektaklda juda yorqin ko‘rinadi. Dramaturgning har bitta so‘zni o‘zbekchalashtirishda avaylab yondashganlar. O‘zbek tilini ko‘p qirraliligini, jarangini nihoyatda qadrlardilar. Spektaklda Turob akaning qo‘shiqlaridan ham o‘rnida foydalandik. Yaxshi shoir hech qachon o‘lmaydi! U she’rlarida, tarjimalarida qoladi!
 
Hozirgi zamon qizlarida muhabbatga u qadar ishonch qolmagan. Ular yigitlar otamning davlatini ko‘zlab, manfaat yuzasidan uylanmoqchi, degan shubhali fikrdalar. Ba’zida bu fikrlari tasdiqlanadi ham. Turmush ham qurishadi, lekin orada muhabbat yo‘q, afsuski, faqat manfaatlar birlashtirib turadi. Asar bosh qahramoni – Katarina ham xuddi shunday. U bugungi zamon qiziga nihoyatda yaqin. Petruchcho ham avvaliga boylikka uchadi, lekin Katarinani ko‘nglini tushungandan keyin bu qizni otasini pullarini emas, QALBini sevib qoladi. Petruchcho tushunib yetadiki, uning qaysarligi jamiyatdagi, insonlardagi soxtaliklarga ISYON! U aslida qaysar ham emas, u soxta muhabbat egalariga ISYON ko‘taradi. Katarina Isyonkorlikda Gamletga teng qahramon!
 
Akbarxo‘ja Rasulov,“Diydor” teatr-studiyasi aktyori:
 
– Bu surat bir qarashda oddiy ko‘rinishi mumkin. Hamma shod, hamma mamnun. Lekin bu suratgacha bo‘lgan izlanish, mehnatni eslansa, uning qadri oshadi. Qimmatliligi shunda...
 
To‘rt yil avval aktyor Bobur Yo‘ldoshev chet el festivalida rejissyor Sergey Potapov bilan tanishib qoladi va yurtimizga kelib spektakl qo‘yish taklifini beradi. Sergey Potapov ham buni ma’qullaydi, biroq vaqt masalasi tufayli bu rejasi ortga surilaveradi. Nihoyat, u roppa-rosa to‘rt yil o‘tib, teatrimizga tashrif buyurdi. Eng qizig‘i shundaki, rejissyor bu spektaklni o‘zi yaxshi bilmagan yurtning davlat tilida sahnalashtirishi kerak edi. 7 iyul sanasidan repetisiyalar boshlandi. Kamina rejissyorga assistent bo‘lib tayinlandim. Avvaliga ish yurishishi biroz qiyin bo‘ldi: pyesa o‘zbek tilida qo‘yilishi kerak, rejissyorga bo‘layotgan voqeani rus tilida to‘xtamay tasniflab turish lozim. Aktyorlar esa bu tarzdagi ritmda hali ishlamagan.
 
Jamoa a’zolari ertalab soat 8:00 dan to kechki soat 21:00 gacha har kuni to‘xtamay ishlab, tinkasi qurib, ertasiga yana yangi shijoat topib keladilar. Shu zaylda oradan bir hafta o‘tgach, rejissyor va aktyorlar bir-birini ko‘proq tushuna boshlashdi va jarayon tezlashib ketdi. Ish qizg‘in, vaqt kam, atigi bir oyda spektakl to‘la-to‘kis tayyor bo‘lishi uchun hamma tinim bilmay jon kuydirardi. Shunday qilib ko‘p qiyinchilik, san’atning shirin azoblaridan so‘ng bir oy mobaynida spektakl tayyor bo‘ldi.
Endi suratga yana bir qarang...
Erinmang, qarang... 
Qaradingizmi? 
Mana endi suratni qadri ham Sizga ayon...
 
Moddiyatni, shon-shuhrat ketidan quvmay, kasbini sotmay, uxlamay ishlagan bu qorako‘zlar ham qaysidir ma’noda bugunimiz qahramonlaridir! 
 
Yulduz Rajabova, “Diydor” teatr-studiyasi aktrisasi:
 
Mazkur asarni ekranda, sahnada turli talqinlarini ko‘rganmiz. Lekin Sergey Potapovni aktyorlarga qo‘ygan vazifasi noan’anaviyligi bilan yangilik edi. Qo‘yilgan vazifa asosida ijro uslublarini qidirib topish anchayin izlanish talab qildi.
 
O‘lmas O‘rayev, “Diydor” teatr-studiyasi aktyori:
 
- Komediya janrining grotesk, fars, buffonada, del arte (niqoblar teatri) uslublari qorishig‘i va shu birgalikda dramatik ijro uslubini uyg‘unlikda talqin qilish aktyorni charxlaydi, katta tajriba beradi. Yoqutistonlik rejissyor Sergey Potapov mazkur uslubni bizga tushuntira oldi va bir oy davomida qilingan mehnat o‘z samarasini berdi. Spektaklni barcha ijodkorlarini, sahna orti zahmatkashlarini ham tabriklayman, ularga o‘z minnatdorchiligimni bildirib qolaman! Teatr – barchani birlashtiradigan, yaxshi kayfiyat, zavq ulashadigan maskan!
 
Umarjon Jumayev, “Diydor” teatr-studiyasi aktyori:
 
Qahramonim Petruchcho to‘poriligi sababini uning himoya qilish qatlami deb tushundim. U o‘zining mehr-muhabbatini shu to‘poriligi bilan berkitmoqchi bo‘ladi, ya’ni qalbini asraydi. Petruchcho shunisi bilan serqirra personaj. Shuningdek, har bir so‘z uchun uni oqlaydigan harakat topish kerak edi: so‘z mohiyati, jismoniy harakat, plastika, mahorat uyg‘unlikda rivojlanishi talab qilindi. 

Manba: uza.uz

Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!