Tadbirkorlarga nasos va suvni chuchuklashtiruvchi uskunalarni xarid qilganlik uchun kompensasiya beriladi
“Ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv tizimini yanada takomillashtirish hamda sohadagi investisiya loyihalari samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni (PF–6074-son, 25.09.2020 y.) qabul qilindi.
🔰 Farmonga muvofiq, 2020 yil 1 oktyabrdan:
👉 ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv sohasida investisiya loyihalari bo‘yicha takliflar mahalliy Kengashlar roziligi bilan amalga oshiriladi;
👉 suv ta’minoti va oqova suv xizmatlari uchun tartibga solinadigan narxlar monopoliyaga qarshi kurashish va narxlarni tartibga solish organlari xulosalari olinib, mahalliy Kengashlar qarori bilan ma’qullangandan so‘ng tasdiqlanadi.
📂 Farmonga ko‘ra, 2021–2022 yillarda 30 ta tuman va shaharlarning ichimlik suvi ta’minoti tizimlari tadbirkorlarga davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida topshiriladi.
🔰 2021 yil 1 yanvardan tadbirkorlarga nasos va suvni chuchuklashtiruvchi uskunalarni xarid qilish uchun:
👉 milliy valyutadagi kreditlarning 10 milliard so‘mdan oshmagan qismi bo‘yicha kredit foizi stavkasining Markaziy bank asosiy stavkasidan oshadigan, lekin asosiy stavkaning 1,5 baravaridan ko‘p bo‘lmagan qismi;
👉 xorijiy valyutadagi kreditlarning 10 milliard so‘m ekvivalentidan oshmagan qismi bo‘yicha foiz xarajatlarining tijorat banklari tomonidan belgilangan foiz stavkasining 30 foizigacha, lekin 3 foizlik punktidan ko‘p bo‘lmagan qismi 3 yil mobaynida kompensasiya qilinadi.
🗓 2020 yil 1 oktyabrdan har yili aholi soni jami 15 mingdan kam bo‘lmagan qishloq aholi punktlarini ichimlik suvi bilan ta’minlash bo‘yicha davlat ijtimoiy buyurtmalariga tanlov e’lon qilinadi.
♻️ Davlat ijtimoiy buyurtmalari doirasidagi loyihalar 2021 yilda Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida, 2022 yildan esa respublikaning boshqa hududlarida amalga oshiriladi.
📌 2022 yil 1 yanvardan markazlashtirilgan oqova suv tizimiga ulanmagan aholi punktlarida uy-joy komplekslari oqova suv tozalash inshootlari bilan birga quriladi.