Superliga. "Bunyodkor"ga qarshi o‘yinda "Navbahor" foydasiga noto‘g‘ri penalti berilgan

Superliga. "Bunyodkor"ga qarshi o‘yinda "Navbahor" foydasiga noto‘g‘ri penalti berilgan

Superligada 16-turi yakuniga ko‘ra, O‘zbekiston futbol hakamlari markazi Ekspert-hakamlar komissiyasining navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazdi va tur doirasida kuzatilgan bahsli vaziyatlar tahlil qilindi. Bu bellashuvlarda jami 10ta bahsli vaziyat yuzaga keldi.

Quyida ularning batafsil izohi va chiqarilgan yakuniy qarorlar bilan tanishishingiz mumkin:

1-vaziyat. «Metallurg» - «Neftchi» qarama-qarshiligi: bahsli qizil kartochka.

«Metallurg» - «Neftchi» uchrashuvining 90+4-daqiqasida mehmonlarning 17-raqamli futbolchisi mezbonlarning 15-raqamli a’zosining oyog‘iga butsasining tag qismi bilan jiddiy zarba berdi. Bosh hakam To‘rabek Suyunov dastlab fol qayd etdi, ammo kartochka ko‘rsatmadi. VAR hakami referini monitor yoniga chaqirgach, futbolchiga qizil kartochka ko‘rsatildi.

Ekspert-hakamlar komissiyasi qarori: Bu vaziyatda VAR holatga to‘g‘ri aralashgan. Futbolchi raqibiga nisbatan o‘ta qo‘pol harakat qilgan. Bu kabi hollarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri qizil kartochka ko‘rsatilishi lozim. Ekspert-hakamlar komissiyasi hakamlarning qarori to‘g‘ri ekanini ma’lum qiladi.

2-vaziyat. «Olimpik» - «So‘g‘diyona» qarama-qarshiligi: bahsli penalti.

«Olimpik» - «So‘g‘diyona» uchrashuvining 90+8-daqiqasida mezbonlar qulay vaziyatga ega bo‘ldi. Darvozaga qarab ketayotgan maydon egalarining 16-raqamli futbolchisiga nisbatan qo‘pollik ishlatildi. Bosh hakam Nikita Mustafin dastlab penalti belgiladi, ammo VAR hakami uni monitor yoniga chaqirgach, referi 11 metrlik jarima zarbasini bekor qildi va qoidabuzarlik sifatida mehmonlar darvozasi tomon jarima zarbasi belgiladi.

Ekspert-hakamlar komissiyasi qarori: Bu vaziyatda VAR holatga to‘g‘ri aralashgan. Qo‘pollik ishlatilgan vaqtda hujum qilayotgan futbolchi hali jarima maydoni ichiga kirmagan. Ekspert-hakamlar komissiyasi hakamlarning qarorini to‘g‘ri, deb topdi.

3-vaziyat. «Dinamo» - OKMK qarama-qarshiligi: bahsli penalti.
«Dinamo» - OKMK uchrashuvining 16-daqiqasida mehmonlar qulay vaziyatga ega bo‘ldi. Darvozaga qarab ketayotgan maydon egalarining 99-raqamli futbolchisiga nisbatan raqib jarima maydonida qo‘pollik ishlatildi. Bosh hakam G‘ayrat Jo‘rayev penalti belgiladi, VAR ham uning qarorini ma’qulladi.

Ekspert-hakamlar komissiyasi qarori: Bu vaziyatda himoyachi raqibiga nisbatan qo‘pol harakat qilgan. Ekspert-hakamlar komissiyasi hakamlarning qarorini to‘g‘ri, deb hisoblaydi.

4-vaziyat: «Dinamo» - OKMK o‘yini: bahsli 11 metrlik jarima zarbasi

«Dinamo» - OKMK uchrashuvining 47-daqiqasida mehmonlarning 10-raqamli futbolchisiga nisbatan raqib jarima maydonida to‘p uchun kurashda qo‘pollik ishlatildi. Bosh hakam G‘ayrat Jo‘rayev nuqtaga ishora qildi, VAR ham uning qarorini ma’qulladi.

Ekspert-hakamlar komissiyasi qarori: Bu vaziyatda himoyachi qulay imkoniyatga ega bo‘lgan hujumchiga qarshi fol ishlatgan. Penalti belgilash uchun asos yetarli. Komissiya hakamlarning qarorini to‘g‘ri, deb topdi.

5-vaziyat: «Dinamo» - OKMK o‘yini: bahsli 11 metrlik jarima zarbasi.

«Dinamo» - OKMK uchrashuvining 90+1-daqiqasida mezbonlarning 8-raqamli futbolchisi raqib jarima maydonida darvozabon bilan to‘p uchun kurashdi va maydonga yiqilib tushdi. Bosh hakam G‘ayrat Jo‘rayev VAR orqali vaziyatni o‘rgangach, penaltiga hech qanday asos yo‘qligini ta’kidladi va hujumchiga simulyasiya uchun sariq kartochka ko‘rsatdi.

Ekspert-hakamlar komissiyasi qarori: Bu vaziyatda futbolchi yiqilish uchun harakat qilgan. Penalti belgilash uchun asos yetarli emas. Komissiya hakamlarning qarori to‘g‘ri ekanini ma’lum qiladi.

6-vaziyat. «Andijon» - «Surxon» qarama-qarshiligi: bahsli penalti.

«Andijon» - «Surxon» uchrashuvining 45+4-daqiqasida mehmonlar qulay vaziyatga ega bo‘ldi va maydon egalari jarima maydonida to‘p qo‘lga tekkan yoki tegmaganligi borasida bahsli vaziyat yuzaga keldi. Bosh hakam Doston Mirzarayimov o‘yinni davom ettirdi, ammo VAR hakami uni monitor yoniga chaqirgach, termizliklar futbolchisining qoidabuzarlik ishlatganini qayd etdi va unga sariq kartochka ko‘rsatdi.

Ekspert-hakamlar komissiyasi qarori: Bu vaziyatda VAR holatga to‘g‘ri aralashgan. Hujumchi raqibiga nisbatan qo‘pollik ishlatgan. Bu kabi hollarda fol qayd etiladi. Ekspert-hakamlar komissiyasi hakamning qarorini to‘g‘ri, deb hisoblaydi.

7-vaziyat: «Andijon» - «Surxon» o‘yini: bahsli 11 metrlik jarima zarbasi.

«Andijon» - «Surxon» uchrashuvining 48-daqiqasida mezbonlarning 17-raqamli futbolchisi raqib jarima maydonida darvozabon bilan to‘p uchun kurashdi va maydonga yiqilib tushdi. Bosh hakam Doston Mirzarayimov penaltiga asos yetarli emas, deb topdi va bahsni davom ettirdi.
Ekspert-hakamlar komissiyasi qarori: Bu vaziyatda to‘pga darvozabon yoki hujumchi birinchi yetib borganini isbotlaydigan kadr mavjud emas. Ekspert-hakamlar komissiyasi kamera rakursidan holat yaxshi ko‘rinmaganini ma’lum qilgan holda hakamning qarorini qo‘llab-quvvatlaydi va uni to‘g‘ri, deb hisoblaydi.

8-vaziyat. «Navbahor» - «Bunyodkor» qarama-qarshiligi: bahsli penalti.

«Navbahor» - «Bunyodkor» uchrashuvining 53-daqiqasida mehmonlar qulay vaziyatga ega bo‘ldi. To‘pga qarab ketayotgan toshkentliklarning 41-raqamli futbolchisini maydon egalarining 13-raqamli himoyachisi qo‘pollik bilan to‘xtatib qoldi. Bosh hakam Sultonmurod Abdurahmonov VAR orqali vaziyatni o‘rgangach, nuqtaga ishora qildi va himoyachiga sariq kartochka ko‘rsatdi.

Ekspert-hakamlar komissiyasi qarori: Bu vaziyatda himoyachi raqibiga nisbatan qo‘pollik ishlatgan. Ekspert-hakamlar komissiyasi hakamlarning qarorini to‘g‘ri, deb hisoblaydi.

9-vaziyat. «Navbahor» - «Bunyodkor» qarama-qarshiligi: bahsli qizil kartochka.

«Navbahor» - «Bunyodkor» uchrashuvining 64-daqiqasida mehmonlarning 6-raqamli futbolchisi mezbonlarning 10-raqamli a’zosini qulay imkoniyatga chiqib borayotgan paytda qo‘pollik ishlatib to‘xtatib qolgan. Bosh hakam Sultonmurod Abdurahmonov dastlab himoyachiga kartochka ko‘rsatmadi. Ammo VAR hakami uni monitor yoniga chaqirgach, referi qarorni qizil kartochkaga o‘zgartirdi.

Ekspert-hakamlar komissiyasi qarori: Bu vaziyatda VAR holatga to‘g‘ri aralashgan. Futbolchi qulay vaziyatga chiqib borayotgan raqibiga nisbatan oxirgi umid folini ishlatgan. Ekspert-hakamlar komissiyasi hakamning qarorini to‘g‘ri, deb hisoblaydi.

10-vaziyat: «Navbahor» - «Bunyodkor» o‘yini: bahsli 11 metrlik jarima zarbasi.

«Navbahor» - «Bunyodkor» uchrashuvining 90+8-daqiqasida mezbonlarning 71-raqamli futbolchisi raqib jarima maydonida darvozabon bilan to‘p uchun kurash olib bordi va maydonga yiqildi. Bosh hakam Sultonmurod Abdurahmonov nuqtaga ishora qildi.

Ekspert-hakamlar komissiyasi qarori: Bu vaziyatda ikkita bahsli holat yuzaga kelgan va VAR hakamni monitor yoniga chaqirish kerak edi. Kadrlar orqali to‘p qo‘lga tekkan yoki tegmaganligini aniqlashning iloji yo‘q. Ikkinchi vaziyatda darvozabon va hujumchi havoda ketayotgan to‘p uchun kurash olib borgan va bu holat to‘p uchun kurash sifatida qayd etiladi. Penalti belgilash uchun asos yetarli emas. Komissiya hakamlarning qarorini noto‘g‘ri, deb topdi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!