Sunnat ko‘rsatmalari va zamonaviy ilm tavsiyalari

Sunnat ko‘rsatmalari va zamonaviy ilm tavsiyalari

Erta turish. Nabiy alayhissalomning erta turish odatlari bo‘lgan, tonggi azon vaqtida uyg‘onganlar. Albatta, erta turish kun bo‘yi insonga tetiklik hamda ishchanlik qobiliyatini beradi hamda aqliy faoliyatni yaxshilaydi. Ba’zilar uchun erta turish qiyin tuyulishi yoki iloji yo‘qdek ko‘rinishi mumkin, lekin bu odatni kichik qadamlar, asta-sekinlik bilan shakllantirish mumkin. Bu esa hayotni sezilarli darajada yaxshilashi isbotlangan.

Me’yorida ovqatlanish. Me’yorida ovqatlanish Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlaridandir. Yillar davomida bir emas, bir necha tekshiruvlarning natijasi – me’yorida ovqatlanishga odatlanish ko‘plab xastaliklarning oldini olishini tasdiqlagan. Inson to‘yib emas, balki 80% to‘yguniga qadar ovqatlanishi maqsadga muvofiq.

Suv iste’mol qilish. Hadisi sharifda suvni katta emas, kichik xo‘plamlar bilan ichishga chorlanadi, aks holda katta xo‘plab ichishdan jigar shikastlanishi mumkin, deyiladi. Bu Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning suv ichishdagi sunnatlaridandir. Bugungi kunda ilmiy tadqiqotlar ham shuni ta’kidlaydiki, qisqa vaqt ichida, birdaniga ko‘p miqdorda suv ichish jigarni zararlashga olib keladi.

Ro‘za. Ilmiy tajribalar shuni ko‘rsatdiki, faqatgina yeguliklarning o‘zi emas, balki uni tanavvul qilish vaqti ham inson organizmiga ta’sir qilar ekan. Ro‘za tutish Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning doimiy odatlari bo‘lgan, bu ishni faqatgina Ramazon oyida qilmaganlar. Inson qanchalik kam ovqat yesa, uning organizmi hazm qilishga shunchalik kam kuch sarflaydi.

Xurmo. Xurmo – shunday mahsulotki, o‘zida bir necha foydali elementlarni jamlaydi. To‘g‘ri ovqatlanish tarzini yo‘lga qo‘ygan insonlar, albatta bunday foydali mahsulotlar haqida biladilar. Xurmo esa ulardan biridir. Ushbu meva inson organizmida qand darajasini normallashtiradi. Qondagi xolesterin miqdorini kamaytiradi, yurak bilan bog‘liq muammolarning oldini oladi.

Doimiy harakatda bo‘lish (faollik). Islomning 5 arkonlarining 3 tasi jismoniy faollikni talab etadi. Namoz – birinchi navbatdagi jismoniy harakat ko‘rinishidir, hajga borish hamda ro‘za tutish shular jumlasidandir. Payg‘ambarimiz doimiy harakatda bo‘lganlar hamda salomatlikni mustahkamlash  maqsadida suzish, chavandozlik, merganlik bilan shug‘ullanganlar.

Albatta, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari salomatlik borasidagi muhim tavsiyalardir.

Manba: azon.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!