Sudlarda inson huquqlari, qonuniy manfaatlarini har tomonlama ta’minlovchi huquqiy tizim yaratilmoqda

Sudlarda inson huquqlari, qonuniy manfaatlarini har tomonlama ta’minlovchi huquqiy tizim yaratilmoqda

Barchamizga ma’lumki, mamlakatimizda sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish, fuqaro va tadbirkorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish choralarini kuchaytirish, odil sudlovni samarali ta’minlash, sudyalar hamjamiyati rolini oshirish hamda sud hokimiyatini chinakam adolat qo‘rg‘oniga aylantirish, inson huquqlari, erkinligi va qonuniy manfaatlarini har tomonlama ta’minlovchi huquqiy tizim yaratilmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2020 yil 24 iyuldagi “Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni sud-huquq sohasida belgilangan vazifalarni izchil amalga oshirish, fuqarolarning odil sudlovga erishish darajasini yuksaltirish, ishlarni sudda ko‘rish sifatini oshirish hamda xolis, adolatli va qonuniy sud qarorlarini qabul qilish uchun taraflarning tengligi va tortishuvchanligini amalda ta’minlash mexanizmlarini kengaytirishga xizmat qiladi.

Farmon bilan  sud ishlarini nazorat tartibida ko‘rish institutini tugatish, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi, Bosh prokurori va ular o‘rinbosarlarining sudning hal qiluv qarorlari, hukmlari, ajrimlari hamda qarorlari ustidan nazorat tartibida protest kiritish huquqini bekor qilish, jinoyat ishlarini sudda ko‘rish uchun tayinlash bosqichida ish yuzasidan qarorlarni tortishuv tamoyiliga rioya etgan holda taraflar ishtirokida qabul qilish tartibini belgilash, jinoyat ishining umumiy tartibda ko‘rib chiqilishiga to‘sqinlik qiluvchi omillarni tezkorlik bilan aniqlash va bartaraf etish imkonini beruvchi dastlabki eshituv bosqichini kiritish, tumanlararo, tuman (shahar) sudlarining qarorlarini viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar tomonidan, viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarning birinchi instansiya sudi sifatida chiqargan qarorlarini esa O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining sudlov hay’atlari tomonidan apellyasiya tartibida qayta ko‘rib chiqish, apellyasiya tartibida ko‘rib chiqilgan sud qarorlarini O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining sudlov hay’atlari tomonidan kassasiya tartibida qayta ko‘rib chiqish, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudlov hay’atlari tomonidan kassasiya tartibida ko‘rib chiqilgan ishlar bo‘yicha chiqarilgan sud qarorlarini O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi, Bosh prokurori va ular o‘rinbosarlari protestiga ko‘ra kassasiya tartibida takroran ko‘rib chiqish, davlat ayblovchisi ayblovdan voz kechgan taqdirda reabilitasiya asoslariga ko‘ra jinoyat ishini tugatish, prokuror tomonidan sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi, hal qiluv qarori, ajrimi yoki qarori bo‘yicha ishlarni, ushbu ishlar yuzasidan taraflar murojaati mavjud bo‘lgan holdagina, suddan chaqirib olib o‘rganish, qonunda nazarda tutilgan hollardan tashqari sudlarda boshqa shaxslarning tashabbusi bilan qo‘zg‘atilgan fuqarolik va iqtisodiy ishlarning ko‘rilishida prokuror o‘z tashabbusi bilan ishtirok etishini istisno etishi belgilandi.

Mazkur farmon bilan tizimda qanday o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda? Ilg‘or xorijiy tajriba va xalqaro standartlarni inobatga olgan holda, respublikada samarali ma’muriy odil sudlov tizimini yaratish ko‘zda tutilgan. Avvalo, 2021 yil 1 yanvardan boshlab viloyat va unga tenglashtirilgan fuqarolik ishlari bo‘yicha, jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar va iqtisodiy sudlar negizida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar umumyurisdiksiya sudlari tashkil etilyapti. Bunda sudyalarning qat’iy ixtisoslashuvini saqlab qolgan va sud ishlarini yuritish turlari bo‘yicha viloyat sudida 6 tadan 19 tagacha sudyadan iborat alohida fuqarolik, jinoyat va iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atlari tashkil etiladi.

Ushbu o‘zgarishlar shunisi bilan ahamiyatliki, kelgusisda sud ishlarini va sud hisobotlarini yuritish, xalq bilan muloqot qilish, sohada amalga oshirilayotgan ishlarni tahlil qilish va yagona sud amaliyotini shakllantirishda keng imkoniyatlarni yaratadi.

 

 Zoir Kamolov,

Jinoyat ishlari bo‘yicha

Toshkent shahar sudi sudyasi

 

 

 

 

 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!