Sud tizimidagi islohotlar sudlar mustaqilligini ta’minlaydi

Sud tizimidagi islohotlar sudlar mustaqilligini ta’minlaydi

Oxirgi yillardagi sud organlari tizimidagi ulkan islohotlar fuqarolarning konstitusiyaviy huquqlarini himoya qilishning yangi qirralarini yaratdi. Huquq hamda qonun ustuvorligi, hokimiyatlarning bo‘linish tamoyili aniqlashtirildi. O‘zbekistonda keng qamrovli sud-huquq islohotlari olib borilib, demokratik davlatning huquqiy poydevori yaratildi.

Joriy yilning 12-13 yanvar kunlari davlatimiz rahbari tomonidan sud tizimini takomillashtirishga oid bir qator qonunlar va farmonlar imzolandi.

Xususan, "Sud qarorlarini qayta ko‘rish institutining takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra, ma’muriy huquqbuzarliklarga oid ishlar endilikda jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan ko‘riladi.

Endilikda fuqarolar o‘z hisobidan ma’muriy bayonnomaning ko‘chirma nusxasini, shuningdek sud majlisining audio- yoki videoyozuvini olishga haqli. Ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi qaror ustidan ma’muriy bayonnomani tuzgan organ tomonidan ham shikoyat berilishi mumkin. Ma’muriy huquqbuzarliklarga oid ishlarni nazorat tartibida ko‘rish bekor qilinib, apellyasiya instansiyasi joriy etildi.

Sud hujjatining noqonuniyligi, asoslantirilmaganligi bilan bir qatorda ularning adolatsizligi ham sud hujjatini kassasiya tartibida o‘zgartirish yoki bekor qilish uchun asos bo‘lishi belgilandi. Kassasiya instansiyasi sudi ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishni Oliy sud raisi, Bosh prokuror yoki ularning o‘rinbosarlari kiritgan protestga ko‘ra kassasiya tartibida takroran ko‘radi.

Shu bilan birga, "Sud qarorlarini qayta ko‘rish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qonun bilan Ma’muriy sud ishlarini yuritishda nazorat instansiyasi tugatildi.

Biznes ombudsmanga birinchi instansiya sudining tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq qonuniy kuchga kirmagan hal qiluv qarori ustidan apellyasiya shikoyati taqdim qilish huquqi berildi.

Apellyasiya shikoyati qaror qabul qilingandan bir oy muddatda berilishi mumkinligi belgilandi (ilgari bu muddat 20 kun edi). Apellyasiya shikoyatini ish yuritishga qabul qilish masalasini hal etishga oid ajrim haqida ishtirok etuvchi shaxslar 3 kunda xabardor qilinadi (ilgari xabardor qilish ajrim chiqarilgan kunda amalga oshirilgan).

Kassasiya shikoyati apellyasiya instansiyasi sudining qarori qabul qilinganidan 1 yilda berilishi mumkin (ilgari hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirganidan keyin bir oy ichida berilishi mumkin edi).

Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash kerakki, sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar mamlakatimizda qonun ustuvorligini va ijtimoiy adolatni, fuqarolar tinchligi va totuvligini ta’minlashga qaratilgani bilan alohida ahamiyat kasb etadi.

 

G‘olib Abdullayev,
Toshkent tumanlararo ma’muriy sudining sudya yordamchisi

         

 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!