Soxta pulni aslidan qanday ajratish mumkin?

Soxta pulni aslidan qanday ajratish mumkin?

Endigina 22 yoshga kirgan Ziyovuddin Ilhomiddinov hali oila qurib, ro‘zg‘or tashvishi gardaniga tushmasidan yengil pul topish payini ko‘zlab, eng qabih yo‘llardan birini tanladi. Doimiy ishi va daromadi bo‘lishiga qaramay xomxayollarga berilgan Ziyovuddin 50 ming so‘mlik kupyurani kompyuter hamda rangli printer yordamida qalbakilashtirishga urinib, qaysidir ma’noda buning uddasidan ham chiqdi, deb yozmoqda O‘zA.

Ammo tez orada Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Toshkent viloyati boshqarmasi Ohangaron shahar bo‘limi xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor xatti-harakatlar natijasida soxta pul yasagan shaxsning noqonuniy faoliyatiga chek qo‘yildi.

— Uyimdagi kompyuter va printer yordamida taxminan 1,5 mln. so‘m atrofida 50 ming so‘mlik kupyurani tayyorladim, — deydi Z. Ilhomiddinov. — Olmaliq shahriga borib, do‘konlarga o‘tkazdim. Keyin Farrux Tojiboyev ham mendan pul so‘radi, unga ham ikkitasini berdim.

Yolg‘onning umri qisqa, harom esa halolga yaramaydi. Ziyovuddin buni ko‘p o‘tmay sodir bo‘lgan bir voqea sabab anglab yetdi.

— Bir kuni mashinada avtohalokatga uchradim, — deydi u. — Shundan so‘ng qilgan ishimning xatoligini tushundim va yarim tunda yonimda qolgan barcha kupyuralarni yoqib yubordim.

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki departamenti direktori Fazliddin Bozorovning so‘zlariga ko‘ra, soxta pulni haqiqiysidan ajratib olish oson. Jumladan, puldagi suv belgisi, qiyalik burchagiga qarab harakatlanadigan himoya ipi, tasvirlarning bo‘rtib turishi va arkaning tagida oq rangli bo‘yoqda bosilgan O‘zbekiston Respublikasining xaritasi orqali tezda aniqlab olish mumkin. Banknotning pastki qismidagi naqshda yashirin tasvir mavjud bo‘lib, bu lotin yozuvidagi UZ so‘zidan iborat. Bu ham ma’lum qiyalik burchagida bemalol ko‘rinadi. Kompyuter va printer vositasi orqali ushbu elementlarni ko‘rsatish imkoniyati mavjud emas.

Yuqorida qayd etilgan holat yuzasidan hujjatlar rasmiylashtirilib, huquqbuzarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 176-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Ushbu moddaga ko‘ra, o‘tkazish maqsadida qalbaki bank biletlari (banknotlar), metall tangalar, aksiz markalar, shuningdek, qimmatli qog‘ozlar yoxud chet el valyutasi yoki chet el valyutasidagi qimmatli qog‘ozlar yasash yoki ularni o‘tkazish ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi belgilab qo‘yilgan.

Joriy yilning o‘tgan 10 oyi davomida esa pullarni qalbakilashtirish bilan bog‘liq jami 51 holat aniqlangan bo‘lib, huquqbuzarlardan 5000 AQSh dollari, 5000 Rossiya rubli va 5 million 356 ming so‘m soxta pullar daliliy ashyo sifatida olingan. Qalbaki pul tayyorlash bilan bog‘liq holatlarning aksariyati Toshkent shahri va viloyatiga to‘g‘ri kelmoqda — jami 33 ta holat. Shuningdek, Samarqandda 6 ta, Namanganda 5 ta, qolgan viloyatlarda esa bittadan shu kabi jinoyatlar aniqlangan.

Mamlakatimizda qonun ustuvor. Shu bois bu borada huquqbuzarliklarni sodir etganlarning barchasi jinoiy javobgarlikka tortildi.

Bosh prokuratura huzuridagi Axborot-tahlil multimedia markazi materiallari asosida

R. OTAMURODOV tayyorladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!