Soliq xodimi Buxoroda 3-sinf o‘quvchisini o‘limdan saqlab qoldi

Soliq xodimi Buxoroda 3-sinf o‘quvchisini o‘limdan saqlab qoldi

Joriy yilning 22 noyabr kuni 15:30 lar atrofida Buxoro viloyati Romitan tumani DSI davlat soliq inspektori Sunnat Jumayev hamkasbi Xusniddin Xayriddinov bilan tumanning A.Navoiy mahalla fuqarolar yig‘ini hududiga jismoniy shaxslarning soliq qarzini undirish uchun boradi.

DSQ Matbuot xizmati xabariga ko‘ra, DSI xodimlari “Xayrobod” kanali yonidan o‘tib ketayotganlarida cho‘kayotgan yosh bolani ko‘rib qoladilar. Sunnat Jumayev zudlik bilan mashinani to‘xtatib, hech ikkilanmay yordam berish maqsadida o‘zini suvga otadi. Havo harorati 2 daraja sovuq bo‘lishiga qaramay, Sunnat Jumayev cho‘kayotgan bolani qutqarish uchun muzli suvga sho‘ng‘iydi.

Bolani qirg‘oqqa olib chiqadi, sovuqotgan bo‘lsa-da, bola hali tirik. Kanal atrofida yig‘ilgan aholi vakillari bolani tanib, zudlik bilan kiyimini almashtirish va isinib olishi uchun uyiga olib ketadilar.

Aniqlanishicha, qutqarib qolingan bola Shahrombek Zaripov bo‘lib, u Romitan tumanidagi 1-sonli umumta’lim maktabining 3-sinfida o‘qiydi. O‘sha kuni u o‘qishdan qaytayotgan mahal suv solingan idishi (termosi)ni to‘satdan kanalga tushirib yuboradi.

Uni olish ilinjida bola tez oqayotgan, past haroratli suvga tushib, to‘g‘ri harakatlana olmaydi. Shu vaqtda soliq xodimi uni qutqarish uchun yordamga oshiqadi. 

Shahrombekning yaqinlari o‘z farzandining hayotini saqlab qolgani uchun Sunnat Jumayevga cheksiz minnatdorchilik bildirdilar. Hozirda bola o‘zini yaxshi his qilib, sog‘lig‘iga hech qanday zarar yetmagan.

Davlat soliq qo‘mitasining buyrug‘iga asosan Sunnat Jumayevga ko‘rsatgan jonbozligi uchun Faxriy yorliq va soliq xizmatining I darajali inspektori unvoni navbatdan tashqari taqdim etildi.

Davlat soliq xizmati xodimining qahramonona xatti-harakati chuqur hurmat va ehtiromga munosib!

 

 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!