Sobiq ichki ishlar xodimi Azizjon Yusupov ichki ishlar organlari safidan nohaq bo‘shatib yuborilganmi?

Sobiq ichki ishlar xodimi Azizjon Yusupov ichki ishlar organlari safidan nohaq bo‘shatib yuborilganmi?

Shu yil 7 iyul kuni “FayzbogUz” kanalida Yozyovon tumani Ichki ishlar bo‘limi sobiq xodimi Azizjon Yusupovni ichki ishlar organlaridan nohaq bo‘shatib yuborilganligi haqida jurnalist bilan bo‘lgan suhbati tarqaldi, deb yozadi O‘zbekiston Respublikasi IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi.

Aniqlanishicha, Azizjon Yusupov Yozyovon tumani IIB huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘linmasi ichki ishlar organlari tayanch punktlari profilaktika inspektori (bo‘shatilgunga qadar kapitan unvonida bo‘lgan) lavozimida ishlagan.

U ichki ishlar organlarida 2005 yilning iyul oyidan 2019 yilning yanvar oyiga qadar xizmat qilgan. A.Yusupov xizmat faoliyati davrida o‘zini faqatgina salbiy tomondan ko‘rsatib, yomon hulqi bilan sog‘lom muhitga ta’sir ko‘rsatib kelgan. Ish faoliyati davomida muntazam ravishda xizmat intizomini buzganligi uchun, unga nisbatan 10dan ortiq xizmat tekshiruvlari o‘tkazilib, bir necha marta intizomiy javobgarlikka tortilgan. Biroq, A.Yusupov bulardan o‘ziga tegishli xulosa chiqarmaganligi sababli, 2018 yilning 3 dekabr kuni Farg‘ona viloyati Ichki ishlar boshqarmasida o‘tkazilgan Attestasiya komissiyasining xulosasiga asosan ichki ishlar organlaridan bo‘shatilishi to‘g‘risida qaror qabul qilingan.

A.Yusupov jurnalistga bergan intervyusida, bo‘lim boshlig‘i X.Toshpulatov onasidan so‘kkanligi holati bo‘yicha A.Yusupov yuqori turuvchi tashkilotlarga o‘z vaqtida murojaat qilmaganligi sababli uning vajlarini o‘rganish imkoniyati bo‘lmadi. Shuningdek, intervyuda A.Yusupov 2018 yil avgust oyida fuqarolik sudiga chaqirtirilganida, tuman IIBda majlis bo‘lganligi, ertasi kuni bo‘lim boshlig‘i X.Toshpo‘latov chaqirtirib, “nega kelmading” deb yosh kadrlar orasida shaxsiyatiga tekkanligi va shu sababli boshlig‘iga baqirib yuborganligini aytgan. Aniqlanishicha, A.Yusupov 2018 yilning avgust oyida Yozyovon tumani IIBda yig‘ilish o‘tkazilganida, o‘z rahbariyatiga axborot bermasdan, ushbu yig‘ilishga qatnashmaganligi sababli, X.Toshpo‘latov tomonidan unga e’tiroz bildirilganda, Rishton tumani fuqarolik sudiga borganligini vaj qilib, o‘z rahbarlariga nisbatan nosamimiy munosabatda bo‘lgan. Vaholanki, xodimning xizmat joyidan boshqa joyga borishi bevosita rahbarining ruxsati bilan amalga oshiriladi. Ushbu holat bo‘yicha tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, A.Yusupov rahbar va xodim o‘rtasidagi munosabatlarini belgilovchi normalarga zid ravishda harakat qilganligi sababli, unga intizomiy ta’sir chorasi ko‘rilgan.

A.Yusupov huquqshunoslik ma’lumotiga ega bo‘lib, huquqi buzilgan taqdirda viloyat IIB yoki IIV rahbariyatiga murojaat qilishi mumkinligini yaxshi biladi. Biroq, ushbu holatlar bo‘yicha biror joyga murojaat qilmagan. Shuning uchun A.Yusupovning ushbu vajlarini ham asosli deb bo‘lmaydi.

A.Yusupov jurnalist bilan suhbatda, rahbari tomonidan uning xizmat hududi o‘zgartirilganidan so‘ng sog‘ligi yomonlashib, shifoxonada davolanganligi, shu sababli viloyat IIB boshlig‘i huzurida o‘tkazilgan yig‘ilishda X.Toshpo‘latov uni sababsiz kelmagan deb xabar bergani haqida gapirganlari o‘rganildi. Ichki ishlar organlarida o‘rnatilgan amaldagi tartib bo‘yicha xodim kasal bo‘lsa, bevosita rahbarlarga ma’lum qilgan holda tibbiyot muassasalarida davolanishi ko‘rsatib o‘tilgan bo‘lishiga qaramasdan, A.Yusupov xabar bermagan va 2018 yil 12 sentyabr kuni boshqarma boshlig‘i huzuridagi yig‘ilishda qatnashmagan.

A.Yusupov intervyusida attestasiya komissiyasiga ikki-uch kun oldin xabar berilishi kerak bo‘lganligi, biroq, attestasiyaga bormaganligi, keyinchalik tuman IIB boshlig‘i X.Toshpo‘latov uni qora ro‘yxatga tirkab bervorganligi, oqibatda uni ishdan bo‘shatishganligi bo‘yicha keltirgan iddaosi ham o‘rganildi. Ichki ishlar organlarida o‘rnatilgan tartib bo‘yicha tizimda ishlovchi xodimlarni yuqori lavozimga qo‘yish, unvon berish va intizomiy choralarni qo‘llash maqsadida, ular Attestasiya komissiyasiga qo‘yilishi ko‘rsatilgan. Attestasiya komissiyasida qaror kollegial tartibda qabul qilinib, hech qanday adovatli holatlarga yo‘l qo‘yilmaydi. A.Yusupovning Farg‘ona viloyati IIB Attestasiya komissiyasiga qo‘yilishiga, uning muntazam ravishda xizmat intizomini buzganligi hamda qo‘llanilgan choralardan o‘ziga to‘g‘ri xulosa chiqarmaganligi asos bo‘lgan. Shuningdek, Yozyovon tumani IIB rahbariyati A.Yusupovni Attestasiya komissiyasiga qo‘yilganligi haqida rasmiy ravishda ogohlantirib, ushbu holat fotosuratga olingan, lekin A.Yusupov Farg‘ona viloyati IIBning Attestasiya komissiyasiga nisbatan hurmatsizlik qilib, ikki marotaba sababsiz ravishda qatnashmagan va shu sababli, u me’yoriy hujjat talablariga ko‘ra ichki ishlar organlari safidan bo‘shatilgan.

Jurnalistlar va blogerlar ularga kelgan murojaatni tarqatishdan oldin faqat bir tomonning fikri bilan cheklanmasdan, ikkinchi tomonning ham fikrini inobatga olsalar yaxshi bo‘lardi. Shunda xolis material tayyorlagan, ijtimoiy tarmoqlar orqali Sizning materialingiz bilan tanishgan foydalanuvchilarning fikrini chalg‘itmagan va qonun doirasida amalga oshirilgan ishlarni yoritishda foydangiz tekkan bo‘lardi. Tarixda “Bir tomonning ko‘rsatmasi bilan chiqarilgan xulosa noxolisdir” degan ibora bejizga aytilmagan.

 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!