Shri-Lankada koronavirusdan vafot etganlar yoqib yuborilmoqda

Shri-Lankada koronavirusdan vafot etganlar yoqib yuborilmoqda

Shri-Lankada yashovchi musulmonlar kunora ko‘chaga chiqib, hukumatning koronavirusdan vafot etganlar borasidagi qarorini o‘zgartirishni talab qilishadi. Ular hukumatdan ushbu kasallik sabab dunyoni tark etgan musulmonlarni yoqish emas, balki, ko‘mishga ruxsat berishni so‘rashmoqda.

Koronavirus pandemiyasi boshlanmasidan avval asosiy aholisi buddistlar bo‘lgan Shri-Lankada musulmonlarning dafn marosimini o‘z dinlari asosida o‘tkazishlari muammo emasdi. O‘tgan yilning mart oyida mamlakatga virus kirib kelganda ham Sog‘liqni saqlash vazirligi koronavirusdan o‘lgan musulmonlarni ko‘mishga ruxsat berdi.

Ammo Shri-Lankada islom diniga e’tiqod qiluvchi odam koronavirusdan vafot etganda hammasi o‘zgarib ketdi. 2020 yilning 30 mart kuni virusning birinchi musulmon qurboni Muhammad Jamolning jasadi uning oilasi ruxsatisiz yoqib yuborildi. 11 aprelga kelib Shri-Lanka hukumati koronavirusdan vafot etganlarning jasadi ularning qaysi dinga e’tiqod qilishlaridan qati nazar yoqilishi bo‘yicha qaror chiqardi.

“Musulmonlar o‘limdan qo‘rqmaydi, lekin, ularni majburiy yoqib yuborish bo‘yicha qaror xafa qilmoqda” dedi huquq faollaridan biri Shreen Sarur 3 yanvar kuni Arab Newsga bergan intervyusida.

Shri-Lankaning barcha yirik shaharlarida bunga qarshi norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi. 3 yanvar kuni Killionochi shahrida virus qurbonlarining jasadini majburiy yoqishga qarshi namoyish bo‘lib o‘tdi. Bunday namoyishlardan biri 31 dekabrda Kolombo shahridagi jasadlarni yoqish markazi yonida ham bo‘lib o‘tgandi.

Bu holatga ayni paytda xorijda yashayotgan Shri-Lankaliklar ham norozilik bildirishmoqda. AQShdagi Shri-Lankaliklar 3 yanvar kuni Vashingtonda namoyishga chiqishgan.

“Shri-Lanka hukumati JSST ko‘rsatmalariga qaramasdan virus qurbonlarining barchasini yoqishni majburiy qilib qo‘ydi. JSST va boshqa tibbiyot mutaxassislari virus qurbonlarining ko‘milishida hech qanday xavf mavjud emasligini ta’kidlashgan” deydi Vashingtondagi namoyishchilardan biri Mizli Rifki.

“Boshqa barcha mamlakatlar koronavirusdan vafot etganlarning jasadini ko‘mishga ruxsat berishdi. Shri-Lankada bunga qarshilik qilinishi, bu mamlakatda yashovchi musulmonlarning kamsitilishidir” deydi huquq faoli Muid Jiran.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!