Sertifikatga ega yog‘ tarkibida sovun qoldig‘i aniqlandi

Sertifikatga ega yog‘ tarkibida sovun qoldig‘i aniqlandi

Farg‘ona viloyati davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi Marg‘ilon shahrida plastik idishlarda qadoqlangan “Antiqa olam” paxta yog‘i tarkibida sovun qoldig‘i mavjudligi, shuningdek, kislota miqdori ham me’yordan ortiqligini aniqladi. Bu haqda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari hududiy birlashma raisi o‘rinbosari G‘ayrat Mamatqulov ma’lum qildi.

"Hududiy birlashmaga 14 noyabr kuni Marg‘ilon shahrida yashovchi fuqarodan ariza tushdi. Iste’molchi savdo do‘konlarida sotilayotgan “Antiqa olam” paxta yog‘ining qadoqlangan qog‘ozida og‘irligi va ishlab chiqarilgan sanasi, yaroqlilik muddati yozilmaganidan shikoyat qilgan. Fuqaro paxta yog‘ining iste’molga yaroqliligini tekshirib berishimizni so‘radi, – dedi G‘ayrat Mamatqulov. – Uning talabi asosida viloyat davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markaziga so‘rov yuborildi. DSENMga laboratoriya tahlili uchun yuborligan o‘simlik yog‘i tahlildan o‘tkazildi”.

Murojaatni o‘rganish maqsadida birlashma xodimlari do‘kondan ushbu yog‘ni sotib olib, Farg‘ona sinov va sertifikatlash markazi davlat korxonasi hamda viloyat DSENMga o‘rganish uchun taqdim etgan.

Viloyat DSENM sanitariya-gigiyena laboratoriyasining 19 noyabrdagi 764-sonli tahlil bayonnomasiga ko‘ra, namuna sanitariya qoida va me’yorlari 0283-10 va GOST 5480 talabiga mos emas, ya’ni namuna tarkibida sovun qoldig‘i mavjud va kislota miqdori me’yordan ortiq. DSENM “Antiqa olam” paxta yog‘ini iste’mol uchun yaroqsiz, deya xulosa bergan.

Farg‘ona sinov va sertifikatlash markazi davlat korxonasining namuna tanlash va identifikasiyalash dalolatnomasida mazkur o‘simlik yog‘i tashqi ko‘rigi xulosalari keltirilgan. Unga ko‘ra, paxta yog‘i yorlig‘i O‘zDSt 816:2015 davlat standartining 5.3.1 bandi talablariga nomuvofiq bo‘lib, barcha yoritilishi lozim bo‘lgan ma’lumotlar to‘liq yoritilmagan. Mahsulot miqdori, me’yoriy hujjat belgisi (O‘zDSt 816:2015) yorliqlarda ko‘rsatilmagan, mahsulotning energetik qiymatlari noto‘g‘ri yozilgan.

Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 13 fevraldagi 75-sonli qarorida ko‘rsatilgan “Chakana savdo qoidalari”ning 37-bandi buzilgan holda mahsulot vazni haqidagi ma’lumot ma’lum qilinmagan.

Ishlab chiqaruvchilar “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning 6-moddasi talablarini qo‘pol ravishda buzgan. Qonunga ko‘ra, ishlab chiqaruvchi iste’molchiga o‘zi realizasiya qilayotgan tovarlar haqida o‘z vaqtida zarur, to‘g‘ri va tushunarli ma’lumot berishi shart. Tovar haqidagi ma’lumotda quyidagilar ko‘rsatilishi lozim: tovar majburiy talablariga muvofiq kelishi shart bo‘lgan normativ hujjatning nomi; tovarning asosiy iste’mol xususiyatlari, shu jumladan, o‘ziga xos xususiyatlari ro‘yxati.

“Korxonamiz 2015 yilning iyun oyida tashkil topgan. Biz yog‘ni Turkmanistondan olib kelib, qadoqlash bilan shug‘ullanamiz. Korxonamizda kungaboqar yog‘i, tuz, un, choy, tomat pastasi kabi mahsulotlar ham qadoqlanadi”, deydi “Antiqa olam” o‘simlik yog‘ini ishlab chiqaruvchisi “Shaxriyor Yelyor” oilaviy korxonasi rahbari Shahriyor Doniyorov.

“Shaxriyor Yelyor” korxonasi 2017 yil 14 fevral kuni Buxoro sinov va sertifikatlashtirish markazi davlat korxonasining muvofiqlik sertifikatini olgan. 2018 yil 7 avgust kuni esa korxonaga O‘zbekiston Respublikasi sertifikatlashtirish milliy tizimining muvofiqlik sertifikati berilgan. Mazkur tadbirkorlik sub’ektiga Buxoro shahar hokimligining ulgurji savdo faoliyati bilan shug‘ullanishga ruxsat beruvchi lisenziyasi 2018 yil 14 mart kuni taqdim etilgan.

“Bir va besh litrli plastik idishlarga qadoqlangan “Antiqa olam” paxta yog‘ining iste’molga yaroqsiz chiqqani haqida eshitdik, – deydi korxona rahbari Shahriyor Doniyorov. – O‘sha sifatsiz mahsulotlarni biz tayyorlamaganmiz. Kimdir bizning brenddan foydalanib, shu ishni qilyapti. Bu haqda 15 kun avval Buxoro viloyati iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga ariza bilan murojaat qildik. Bitta shunday yashirin sex topildi. U yerda faqat 5 litrli yog‘ qadoqlanar ekan. Yana bir firibgar tadbirkor Navoiy viloyatiga xuddi shunday yog‘ qadoqlab jo‘natibdi”.

Hozir mazkur holatni Buxoro viloyati iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti o‘rganmoqda.

Manba: turon24


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!