Saudiyalik jurnalist Jamol Qoshiqchining o‘ldirilishi to‘g‘risidagi hujjatdan uch kishining ismi sirli ravishda g‘oyib bo‘ldi

Saudiyalik jurnalist Jamol Qoshiqchining o‘ldirilishi to‘g‘risidagi hujjatdan uch kishining ismi sirli ravishda g‘oyib bo‘ldi

AQSh Milliy razvedkasining saudiyalik jurnalist Jamol Qoshiqchining o‘ldirilishi to‘g‘risidagi hisobotidan uch kishining ismi sirli ravishda g‘oyib bo‘ldi, deya xabar bermoqda CNN.

CNN hisobot e’lon qilinganidan ko‘p o‘tmay hujjatning asl nusxasi hech qanday izohsiz yangisiga almashtirilganiga e’tibor qaratdi. Dastlab jurnalistni o‘ldirishda ayblangan uch kishining ismlari hujjatdan g‘oyib bo‘ldi.

Milliy razvedka direktorining idorasi hujjat almashtirilganligini tasdiqladi. Bo‘lim hisobotning asl nusxasida «xato bilan kiritilishi shart bo‘lmagan uchta ism bor» deb aytdi va qo‘shimcha izoh berishdan bosh tortdi.

Eslatib o‘tamiz, 26 fevral kuni AQSh Milliy razvedkasi Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon as-Saud saudiyalik jurnalist Jamol Qoshiqchini o‘g‘irlash yoki o‘ldirish bo‘yicha operasiyani qo‘llab-quvvatlashda ayblangan hisobotini e’lon qildi.

Shundan so‘ng AQSh ma’muriyati Saudiya Arabistonining 76 nafar fuqarosiga viza sanksiyalarini kiritdi, ular Davlat departamentiga ko‘ra «chet elda muxoliflarga tahdid qilgan va Qoshiqchining o‘ldirilishida figurant bo‘lgan».

Qoshiqchi 2018 yil 2 oktyabrda Saudiya Arabistonining Istanbuldagi Bosh konsulligiga tashrifidan so‘ng g‘oyib bo‘ldi. U ajrashishga va turk ayoliga uylanishiga yordam beradigan hujjatlarni olish uchun borgan. Turkiya ommaviy axborot vositalari huquqni muhofaza qilish va tergov idoralaridagi manbalariga asoslanib, rasmiylar Qoshiqchi konsullik binosida shafqatsizlarcha qiynoqqa solingani va keyin o‘ldirilganligini tasdiqlaganini xabar qildi.

Jinoyatda gumonlanganlar Saudiya Arabistoni sudiga topshirilgan. 2019 yilning dekabr oyida ularning besh nafari o‘lim jazosiga hukm qilingan, yana uch nafariga tayinlangan qamoq jazosining umumiy muddati 24 yilni tashkil etgan.

2020 yilning sentyabrida besh kishiga tayinlangan o‘lim jazosi jurnalistning o‘g‘illari so‘roviga asosan qamoq jazosiga almashtirilgan. 2020 yilning may oyida jurnalistning o‘g‘illari otasining o‘limida aybdor bo‘lganlarni kechirishini ma’lum qilgan. Biroq jurnalistning do‘sti Qoshiqchining o‘g‘illari aybdorlarni kechirish haqida o‘z ixtiyori bilan ma’lum qilganiga shubha bildirgan.

Bundan tashqari, o‘ldirilgan jurnalist Jamol Qoshiqchining qaylig‘i Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasini sudga bergan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!