Qur’on sohibining sifatlari nimalardan iborat?

Qur’on sohibining sifatlari nimalardan iborat?

Oisha roziyallohu anhodan Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning xulqlari haqida so‘radilar, shunda ular: “U zotning xulqlari Qur’on edi”, deb javob berdilar. Shunday ekan, Qur’oni Karimdagi Alloh taoloning Qur’on qorisini hulklari haqida bayon qilgan sifatlari bilan tanishsak:

Sodiqlik: Alloh taolo "Tavba" surasining 119-oyatida quyidagicha marhamat qiladi: “Ey iymon keltirganlar, Allohga taqvo qilinglar va sodiqlar ila birga bo‘linglar”.

Omonatdorlik: Alloh taolo "Niso" surasining 58-oyatida: “Albatta, Alloh sizlarga omonatlarni o‘z ahliga yetkazishni amr qildi”.

Tavoze’lik: Alloh taolo "Shuaro" surasining 215-oyatida: “Va senga ergashgan mo‘minlarga qanotingni pastlat”.

Kechirimlilik: Alloh taolo "Moida" surasining 13-oyatida: “Bas, ularni avf et va ayblarini o‘tib yubor. Albatta, Alloh yaxshilik qiluvchilarni sevadi”.

Muloyimlik: Alloh taolo "Toha" surasining 43-44-oyatlarida: “Fir’avnga boringlar! Chunki, u tug‘yonga ketdi. Bas, unga muloyim so‘z aytinglar. Shoyad eslasa yoki qo‘rqsa”.

Minnatdorlik: Alloh taolo "Ibrohim" surasining 7-oyatida: “Va Robbingiz sizga: “Qasamki, agar shukur qilsangiz, albatta, sizga ziyoda qilurman. Agar kufr keltirsangiz, albatta, azobim shiddatlidir”, deb bildirganini eslang”.

Sabrlilik: Alloh taolo "Oli-Imron" surasining 200-oyatida: “Ey iymon keltirganlar, sabr qiling. Sabr ila g‘olib keling”.

To‘g‘rilik: Alloh taolo "Hud" surasining 112-oyatida: “Bas, sen va sen bilan tavba qilganlar mustaqim turinglar”.

Mehribonlik: Alloh taolo "Isro" surasining 24-oyatida: “Ikkovlariga mehribonlik ila xokisorlik qanotingni pastlat va “Robbim, ular meni kichiklikda tarbiya qilganlaridek, ularga rahm qilgin”, deb ayt”.

Qalb salomatligi: Alloh taolo "Hashr" surasining 10-oyatida: “Ulardan keyin kelganlar: “Ey Robbimiz, bizni va bizdan avval iymon bilan o‘tgan birodarlarimizni mag‘firat qilgin, qalbimizda iymon keltirganlarga nafrat solmagin, ey Robbimiz, albatta, sen shafqatli va mehribonsan” derlar”.

Hayo: Alloh taolo "Alaq" surasining 14-oyatida: “Albatta, Alloh uni ko‘rishini bilmasmi?!”.

Qur’on sohibi atrofdagilar fasodda bo‘lgan vaqtida u o‘z dinini ehtiyot qilib, yemog‘ida, ichmog‘ida, kiyinishida va yashashida Allohga botiniy va zohiriy tomondan taqvo qilishi lozimdir.

Shuningdek, yursa ilm bilan yurishi, o‘tirsa ilm bilan o‘tirishi, tilini saqlamog‘i, aytadigan so‘zlarini ajratib olmog‘i kerak. Agar gapirsa ilm bilan gapirishi va sukut qilishi to‘g‘ri bo‘lganda jim turishi kerak. Tilidan dushmanidan qo‘rqqani kabi qo‘rqib uni hibsda saqlagani kabi tilini ham saqlashi kerak.

Oqibati yomon bo‘lgan narsa xususida insonlar kulganida, u kulishni kamaytirishi, o‘yin qilib mazax qilishni yomon ko‘rishi lozimdir.

Hech kimni taxqirlamasligi va hech kimni so‘kmasligi va bir insonga musibat yetganda uni ustidan kulmasligi va hech kimga hasad qilmasligi va bir inson to‘g‘risida yomon gumonga bormasligi kerak, magaram u bunga haqli bo‘lsa bundan mustasno. U Qur’on va sunnat vojib qilgan narsaga ergashmog‘i lozim.

Shuningdek ilm bilan xafa bo‘lmog‘i va ilm ila yig‘lamog‘i va ilm ila sabr qilmog‘i va ilm bilan kasb qilmog‘i kerak. Zero, bu sifatlar xususida ko‘plab oyatlar va hadislar vorid bo‘lgan.

Manba: azon.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!