Qizilishton daraxtni qanday teshadi?

Qizilishton daraxtni qanday teshadi?

Arab tilida qizilishton “Naqqorul xashab” deyiladi. Buning ma’nosi “Tumshug‘i bilan yog‘ochni uruvchi” degani. Ushbu qushning tuzilishi aqllarni lol qoldiradi.

Alloh taolo uni ajoyib imkoniyatlar bilan yaratgan. Ko‘pchiligimiz bu qush haqida eshitganmiz, ammo u haqida batafsil ma’lumotga ega emasmiz. Qizilishtonni sinchiklab o‘rganadigan bo‘lsak, aqllarni shoshiradigan ma’lumotlarga duch kelamiz.

Uning tumshug‘i nihoyatda kuchli va metindek mustahkam bo‘lib, bosimga chidamlidir. U xuddi parmalash asbobi (drel) kabi yog‘ochni teshadi.

Uning tumshug‘i kuchlilikda, qattiqlikda, tezkor harakat qilishda juda ajoyib tuzilishga egadir.

Qizilishtonning bo‘yin umurtqasi anchagina baquvvat. Tumshuqning bir maromda ritmik zarbalar bera olishi uchun bo‘yin suyagi mustahkam bo‘lmasligining iloji yo‘q. Tumshuq xuddi etikdo‘zning bigizi kabi ishlaydi.

Xo‘sh, bu jonzot daraxtni qanday teshadi?

Qizilishton avval daraxtga vertikal tarzda joylashib oladi. Keyin uning po‘stlog‘iga bir maromda tumshug‘ini ura boshlaydi. Bu urish to daraxtning po‘stlog‘i bilan o‘zagi orasidagi qattiq qismiga yetib borguncha davom etadi. Ko‘pincha daraxt po‘stlog‘ining ostida, ba’zan esa daraxtning qattiq qismi ichida hasharot yoki qurt bo‘ladi. Qizilishton ana shu o‘ljaga yetish uchun daraxtni teshib boraveradi. Yetib borgach, ularni paqqos tushiradi. Ammo shu kichik jonzot daraxtning muayyan joyida hasharot yoki qurt borligini qayerdan biladi? Albatta, unga rizqini topishni Alloh taolo ta’lim bergandir.

Bu qush juda mustahkam bosh suyagiga ham ega. Barcha qushlarda bosh suyak tumshuqqa birlashib ketgan. Ammo qizilishtonda tumshuq bilan bosh suyak bir-biridan alohida tarzda joylashgandir.

Shuningdek, u tebranishlarni yutadigan, halokatlarning oldini oladigan maxsus amtortizator bilan ta’minlangan. Bu amtortizator tumshuq bilan bosh suyagi orasidagi qalin to‘qimadan iborat. Bu to‘qima boshqa qushlarda mavjud emas. O‘sha qalin to‘qima (gubka) daraxtga zarba berish paytidagi ortiqcha titrashlarni yutadi. Ushbu gubka mashinalarning amortizatoridan yaxshi ishlaydi.

Unda tikonli simga o‘xshash uzun ingichka tili bor bo‘lib, bu til hasharotlarni tutish oson bo‘lishi uchun yopishqoq modda bilan qoplangan.

Uning oyoqlari ko‘pgina qushlarning ingichka oyoqlariga o‘xshamaydi, qisqa, ammo baquvvatdir.

Oyoqlarning barmoqlari xuddi qisqich kabi ikkitasi old tomonda, ikkitasi orqa tomonda joylashgan bo‘lib, daraxt po‘stlog‘iga mahkam yopishib olish uchun qulaydir.

Qizilishtonning quyruq (dum) patlari qattiq va o‘tkir holatda bo‘lib, bunday patlar daraxtda o‘ziga in teshayotgan qizilishtonni bir muvozanatda turishiga sabab bo‘ladi.

Bu qush o‘z inini daraxtdan kovak ochib quradi. Kovak ochish jarayoni uncha-muncha quruvchi va teshuvchilarning ishidan o‘zib ketadi.

U bir soniyada daraxtga tumshug‘ini 9-10 martagacha uradi. Ba’zi kichik turdagi qizilishtonlar esa bir soniyada tumshug‘ini 15-20 martagacha urishi mumkin. Albatta, u daraxtga shiddat bilan zarba berar ekan, ba’zi talofotlarga uchrashi kerak edi. Ammo yuqorida aytganimizdek, undagi amartizator o‘sha halokatlarning ko‘lamini, hajmini pasaytiradi.

Yashil qizilishton o‘ziga in qurayotganda tumshug‘ining tezligi soatiga 100 km bo‘ladi. Ammo bu tezlik uning miyasiga salbiy ta’sir qilmaydi.

Bu qush daraxtga tumshug‘ini ura boshlaganda, boshi va tumshug‘i bir tekis chiziq bo‘ylab harakatlanadi. Ozgina nomutanosiblik ham miyasining majaqlanib ketishiga olib kelishi mumkin.

Shu o‘rinda yana bir gap: qizilishton tumshug‘i bilan daraxtga zarb berishdan hosil bo‘ladigan faraziy halokatning hajmi inson boshi bilan beton yerga urilishidan hosil bo‘ladigan halokatga teng. Ammo qizilishton o‘zidagi amortizasiya sababli hech qanday jarohat olmaydi. Har bir zarbning orasidagi vaqt soniyaning 1000 dan 1 ulushichadir.

Endi mana bunga e’tibor bering: qizilishton tumshug‘i bilan daraxtga urib, kovak ochayotgan paytda uning boshiga 1000 g og‘irlikda yuk tushadi. Bu Alloh taoloning unga ato etgan ne’matidir.

Daraxt tanasi ichidagi teshikning kirishga perpendikulyar ravishda uzun vertikal o‘tish joyi qaziydi. Ushbu o‘tish joyining uzunligi 30 sm atrofida bo‘ladi. Uning pastida esa urg‘ochi qizilishton yashaydi. U taxminan 4-7 ta tuxum qo‘yadi.

Qizilishton odatda, qarigan daraxtlari bor o‘rmonlarda yashaydi. U mana shu eski daraxtlardan o‘ziga yemish axtaradi.

Erkagining boshida qizil rangli patlar urg‘ochisinikiga nisbatan ko‘proq bo‘ladi.

Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday marhamat qilgan: “Bu har bir narsani puxta qiladigan Allohning san’atidir. Albatta, u nima qilayotganingizdan xabardordir” (Naml surasi, 88-oyat).

Ha, qizilishton murakkab tuzilishdagi jonzot. Unda teshish, parmalashga kerak bo‘ladigan barcha jihozlar bor. Mustahkam suyaklar, ortiqcha zarba va titrashlarni o‘ziga yutuvchi maxsus qalin to‘qima, pishiq va qattiq tumshuq, tumshuq uzunligida ingichka, uchi yopishqoq til...

Alloh taolo boshqa bir oyatda bunday deb marhamat qilgan: “Oliy qadar bo‘lgan Robbing ismini poklab yod et. U yaratgan va mutanosib qilgan zotdir” (A’laa surasi, 1-2-oyatlar).

Ha, Alloh taolo uni ana shunday qilib yaratgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!