Qaysi asosiy tovarlarning narxi yuqori darajada oshdi? (foto)

Qaysi asosiy tovarlarning narxi yuqori darajada oshdi? (foto)

Markaziy bank “O‘zbekiston Respublikasi aholisi va korxonalarining inflyasion kutilmalari” nomli hisobotni e’lon qildi.

Unga ko‘ra, joriy yil III choragida iqtisodiyotdagi inflyasion kutilmalar bo‘yicha o‘tkazilgan so‘rovlar natijalariga ko‘ra inflyasiyaning aholi va tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan sezilgan va kutilayotgan darajalarida sezilarli o‘zgarishlar kuzatildi. 

Jumladan, yilning birinchi yarmidagi pasayishdan so‘ng mazkur ko‘rsatkichlar iyul oyidan boshlab oshib bordi. 

2018 yil iyul-sentyabr oylarida aholi tomonidan sezilgan qisqa muddatli inflyasiya indeksida ko‘tarilish kuzatildi.

“Joriy sezilgan inflyasiya indeksi yil boshidagi ko‘rsatkichlarga nisbatan past darajada bo‘lsa ham uning o‘sish dinamikasi davom etmoqda, bu o‘z navbatida kelgusidagi inflyasion kutilmalarga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin”, - deyilgan hisobotda. 

Hisobotda aytilishicha, sentyabr oyida so‘rovda ishtirok etgan jismoniy shaxslar “qaysi asosiy tovar va xizmatlarning narxi yuqori darajada oshdi?” savoliga asosan pomidor, mol go‘shti, guruch va qo‘y go‘shtini belgilaganlar. 

Shuningdek, ushbu oyda avvalgi oylardan farqli ravishda kartoshka, bug‘doy uni, non, tovuq go‘shti, sabzi narxlari oshganini ko‘rsatgan respondentlar ulushi sezilarli darajada ortgan.

Oxirgi oylarda go‘sht va guruchning narxlarida sezilarli o‘zgarish qayd etilmagan bo‘lsada, iyul- sentyabr mobaynida aholi tomonidan aynan ushbu mahsulotlar narxlarining yuqori darajada oshganligi qayd etilgan.

Bu holat aholining ba’zi iste’mol tovarlari narxlarining oshishiga bo‘lgan ta’sirchanlik darajasi yuqoriligini va bu ta’sir narxlar sezilarli darajada o‘zgarmasa ham ma’lum bir muddat saqlanib qolinishini ko‘rsatmoqda.

Hisobotda qayd etilishicha, inflyasion kutilmalarning oshishiga respondentlar tomonidan bahor va yoz mavsumidagi suv tanqisligi natijasida avvalgi yillarga nisbatan hosildorlik pastligi hamda qish-bahor mavsumi uchun meva va sabzavotlarni zaxiralash ishlari boshlanishi bozordagi narxlarga ta’sir ko‘rsatishi, 1-navli bug‘doy uni va non narxlarining erkinlashtirilishi, kommunal to‘lovlar va ish haqi oshishi va valyuta almashuv kursi ko‘tarilishi asosiy sabab sifatida qayd etilgan.

 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!