Qashqadaryo viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasiga: Yakkabog‘ tuman tibbiyoti xodimlari nega “uyqu”da?

Qashqadaryo viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasiga: Yakkabog‘ tuman tibbiyoti xodimlari nega “uyqu”da?

Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumani tibbiyot muassasalari faoliyatiga bir nazar tashlasangiz, sohada ijobiy o‘zgarishlar olib borilayotganini sezasiz. Ammo, hali “uyquda” yurgan shifokorlar borki, ular yo‘l qo‘ygan kamchilik va xatolar tuman tibbiyotiga yaxshigina “xol” bo‘layotganini ko‘rish mumkin. Masalan, tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli 2-sonli oilaviy poliklinikasi faoliyatiga e’tibor berilsa, bu yerda umuman tartib-intizom o‘rnatilmaganligining guvohi bo‘lish mumkin.

Birinchidan, shifoxona anchagina eskirib ta’mirtalab holatga kelib qolgan.  Devorlar yemirilgan, pollar teshilgan, muassasa rahbarining so‘zlariga ko‘ra, binoning tom qismidan qishda yaxshigina chakki ham o‘tar ekan. Bu esa tartib-intizom o‘rnatilmayotganiga “asosiy sabab” qilib ko‘rsatildi.
Tushlik vaqtidan o‘tgan, ish jarayonlari boshlangan, lekin bemor va tibbiyot xodimlarini aniqlash ancha qiyinchilik tug‘diradi. Boisi, hamma o‘zi bilan o‘zi ovvora. Kimdir to‘yga ketishi kerak, kimdir uyga ketishi kerak yoki kimdir “uyqu”ni urishi kerak. Bundan deyishimizga sabab bor.  Chunki, poliklinikaning kunduzgi bemorlarga tibbiy xizmat ko‘rsatish xonasi xodimlari shu qadar shirin uyquda edilarki, hatto bizning kirib borganimizni ham sezishmadi. Aksincha, ularni patronaj hamshirasi “uyg‘otib” yubordi. Shu taxlit poliklinikada “ish jonlanib” ketdi. Yuzaga kelgan tartibsizliklarni xodimlar bartaraf eta boshlashdi. Ammo, ayrim hamshira va shifokorlar ish kiyimini kiyishni unutishgan ko‘rinadi.
Oradan biroz vaqt o‘tib, poliklinika mudiri Ozod Chorshanbiyev ham yetib keldi. Holat bo‘yicha izoh berar ekan, rahbar bunda xodimlarning befarqligini hamda mas’uliyatsizligini ta’kidlab o‘tdi. Ammo, bir vaqtlar “Mexanizatorlar uyi” sifatida qurilgan va bugungi kunda tibbiyot muassasasi sifatida foydalanilayotgan binoning rostdan ham ta’mirtalab  ekanligini va bu ish sifatiga jiddiy ta’sir etayotganini ham kuyinib gapirdi.

Keyingi manzilimiz esa tuman Yuqumli kasalliklar ishfoxonasi tomon bo‘ldi. Rosti, bu yerdagi holat haqiqiy e’tiborsizlikning o‘zginasi. Shifoxona asosiy darvozasidan kiraverishda bunga o‘zimiz ham amin bo‘ldik. Shifoxona qorovuli qattiq uyquda ekanki, suratga olganimizni ham payqamadi. Buning ustiga, hovliga kiraverishda sizni bir emas, uch yoki to‘rtta itlar kutib oladi. Agar hamshira haydamaganida bu itlar begona kishilarga hamla qilishi hech gap emas.
Endi bir o‘ylab ko‘ring! O‘z nomi bilan Yuqumli kasalliklar shifoxonasi. Lekin bu yerda daydi itning o‘zidan biror bir kasallikni yuqtirib olish ehtimoli kuchli. Biroz oshirib yubordikmi deb, shifoxona bosh hamshirasidan bu haqda so‘raganimizda u shunday deb javob berdi:

-Bu itlarni qancha yo‘qotishga urinmaylik yana kelaveradi. Nima qilishga hayronmiz. Rosti, ba’zan o‘zimiz ham ulardan cho‘chiymiz.

Yana bir gap. Mazkur kasalxona ham anchagina eskirgan va hattoki ayrim bo‘limlarida bemorlarga tibbiy xizmat ko‘rsatib bo‘lmaydi. Eshik bor, stol yo‘q, elektr toki bor, chiroq yo‘q, bemorlar dori-darmon va yeguliklarini saqlashlari uchun “tumbochka” bor, lekin u umuman ishlatishga yaroqsiz holga kelib qolgan.
Shifoxona bosh shifokori Toshpo‘lat Abdunazarov ayni damda tuman tibbiyot birlashmasida yig‘ilishda bo‘lganligi sababli, u kishini uchrata olmadik.

Vaziyat yuzasidan izoh olish uchun tuman tibbiyot birlashmasiga bordik. U yerda bizni tuman hokimining ijtimoiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Fozil Xidirov va mutaxassis Sobir Ortiqov hamda birlashma bosh shifokori Oysanam Boboqulova kutib olishdi. Mutasaddilarga muammolarni dalillari bilan birga ko‘rsatdik. Ular esa har doimgidek, “bajaramiz”, “nazoratga olamiz”dan nariga o‘tishmadi.

Tuman mutasaddilarining bergan izohlari esa bizni qoniqtirmadi. Bugun e’tiboringizga havola etgan mavzu ko‘pchilik uchun balki oddiy holdek tuyular, ammo xalqimizda bir gap bor. “Kasalni yashirsang, isitmasi oshkor qiladi”. Bizningcha, tibbiyot tizimida kuzatiladigan bunday muammo va kamchiliklarni garchand arzimasdek tuyulsa-da, bartaraf etishning yangicha usulini ishlab chiqish kerak. Doimgidek siyqasi chiqqan, qog‘ozlarda qolib ketadigan uslubning zamonasi o‘tdi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi balki bu masala bilan qiziqib ko‘rishar?!

Munosabat esa odatdagidan farqli o‘laroq bildiriladi, degan umiddamiz…

Muqaddas ISMOILOVA,
Dilshod NABIYEV.

Manba: nnews.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!