Qashqadaryo hokimligi "Mehr daftari" jamg‘armasidan BYD mashinasi sotib olayotgani rostmi?

Qashqadaryo hokimligi "Mehr daftari" jamg‘armasidan BYD mashinasi sotib olayotgani rostmi?

Ijtimoiy tarmoqlarida Qashqadaryo viloyati hokimligining «Mehr daftari» jamg‘armasi hisobidan to‘rtta «gibrid» BYD Song Plus sotib olish bo‘yicha qaror chiqarilgani haqida xabar tarqaldi. Mazkur xabar yuzasidan viloyat hokimligi axborot xizmati rasmiy munosabat bildirdi.

"Ushbu holatda texnik xatolik yuz bergan bo‘lishi mumkin. Viloyat hokimligi xarid qilgan gibrid transport vositalari Prezidentmizning 2022 yil 19 dekabrdagi (PQ-443) qarori asosida xalq deputatlari viloyat kengashining 2024 yil 16 fevraldagi K/24-sonli qarori qabul qilinib, unga asosan mahalliy byudjetning 2024 yil boshidagi erkin qoldik mablag‘lari hisobidan xarid qilingan (rasmlarda). Ya’ni, avtomobillar xaridi uchun "Mehr daftari" jamg‘armasidan mablag‘ o‘tkazilmagan", -deyiladi munosabatda.

Ma’lum bo‘lishicha, ushbu avtomobillar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 29 apreldagi 258-sonli “Davlat boshqaruvi va mahalliy davlat hokimiyati organlarida xizmat avtotransport vositalaridan foydalanish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan me’yorlar amal qilgan holda xarid qilingan.

Shuningdek, viloyat hokimligi xabarida serverda nega "Mehr daftari" jamg‘armasi ko‘rsatilayotgani sabablari o‘rganilayotgani ma’lum qilingan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!