Ostonada SHHTning “Yashil belbog‘” dasturini amalga oshirish bo‘yicha ikki yillik Qo‘shma harakatlar rejasi tasdiqlandi

Ostonada SHHTning “Yashil belbog‘” dasturini amalga oshirish bo‘yicha ikki yillik Qo‘shma harakatlar rejasi tasdiqlandi

22-may kuni Ostona shahrida Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar vazirlik va idoralari rahbarlarining atrof-muhit masalalari bo‘yicha beshinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov ishtirok etdi.

Uchrashuvda delegasiyalar rahbarlari SHHTga a’zo davlatlarning atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi hamkorligining hozirgi holati va rivojlanish istiqbollari yuzasidan fikr almashdilar hamda 2025-2027-yillarga mo‘ljallangan atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi hamkorlik konsepsiyasini amalga oshirish muhim ekanligini ta’kidladilar. Shuningdek, SHHTning 2024-yilni Ekologiya yili deb e’lon qilish bo‘yicha Harakatlar dasturini amalga oshirishga oid masalalar ham muhokama qilindi.

Tomonlar SHHT Kotibiyatiga 2024-yil 3-4-iyul kunlari Ostona shahrida bo‘lib o‘tadigan SHHTga a’zo davlatlar rahbarlari kengashining chiqindilarni samarali boshqarish to‘g‘risidagi bayonoti, shuningdek, SHHTga a’zo davlatlar hukumatlari o‘rtasida atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolashni taklif qildilar.

Tadbir doirasida delegasiyalar rahbarlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti SH.M. Mirziyoyev tashabbusi bilan 2024-2026-yillarga mo‘ljallangan SHHTning “Yashil belbog‘” dasturini amalga oshirish bo‘yicha qo‘shma harakatlar rejasini tasdiqladilar.

Shu bilan birga, SHHTga a’zo davlatlarning ekologik muammolarni hal qilish bo‘yicha qo‘shma yondashuvlari hamda 2025-2027-yillarda SHHTga a’zo davlatlarning atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi hamkorlik konsepsiyasini amalga oshirish rejasi tasdiqlandi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!