O‘zbekistonda ayollar erkaklarga qaraganda kamroq maosh olyapti — Jahon banki

O‘zbekistonda ayollar erkaklarga qaraganda kamroq maosh olyapti — Jahon banki

Jahon banki “O‘zbekistonda gender tengligi tahlili” hisobotini tayyorladi.

Hisobotda O‘zbekistonda ayollarning ta’lim va sog‘liqni saqlash xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlari sezilarli darajada yaxshilangani qayd etilgan.

Qonunchilik va inson kapitali rivojlanishidagi ijobiy o‘zgarishlarga qaramay, O‘zbekiston mehnat bozorida gender tengsizlik hali ham saqlanib qolmoqda. 2021-yilda ayollarning ishchi kuchidagi ulushi erkaklarnikidan 28 foiz punktga past bo‘lgan

Bu Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha (yuqori daromadli davlatlar bundan mustasno) o‘rtacha ko‘rsatkichdan, 19% punktni tashkil etadi.

O‘zbekistonda yosh xotin-qizlar o‘rtasida ishsizlik darajasi 15,5%ni tashkil etadi, bu yosh erkaklar o‘rtasidagi 10%lik ko‘rsatkichdan ko‘proq.

Ta’lim, ish yoki professional tayyorlovda bo‘lmagan yosh ayollar ulushi 42%ni tashkil qiladi, erkaklarda esa bu ko‘rsatkich 8,8% atrofida.

Bundan tashqari, xizmat uchun haq to‘lashda ham sezilarli darajada gender tengsizligi mavjud, ayollar erkaklarga qaraganda 34% kamroq maosh oladi. Bu 20% bo‘lgan global o‘rtacha ko‘rsatkichdan yuqori.

Mamlakatda ayollarning uchdan ikki qismi 2 mln so‘mgacha maosh oladi. Shu bilan birga, atigi 1%ining oylik maoshi 5 mln so‘mdan oshadi.

Hisobotda qayd etilishicha, ayollar o‘rtasida ish haqi va bandlikning pastligi O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sishga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda va kambag‘allikni kuchaytirmoqda.

Agar xotin-qizlar iqtisodiy faoliyatda erkaklar bilan birdek ishtirok etsa, O‘zbekistonda milliy daromad 29%ga oshadi.

Ayollarning erkaklar bilan bir xil darajada maosh olishini ta’minlash 700 mingdan ortiq odamni kambag‘allikdan chiqarishga yordam beradi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!