Deputat va senatorlarning vazifalarni bajarishdagi mas’uliyati oshiriladi

Deputat va senatorlarning vazifalarni bajarishdagi mas’uliyati oshiriladi

Yurtimizdagi islohotlar jarayonida hamda davlat va jamiyatni har tomonlama rivojlantirishda Oliy Majlis palatalari va siyosiy partiyalarning roli alohida ahamiyat kasb etadi. “O‘zbekiston–2030” strategiyasida ham parlament hamda siyosiy partiyalarning muhim vazifalari va mas’uliyati belgilangan.

Bu jarayonlar siyosiy partiyalar faoliyatini takomillashtirish, deputatlar va senatorlarning Konstitusiyadagi vakolatlarini to‘laqonli amalga oshirish bo‘yicha qo‘shimcha kafolatlar berilishi hamda saylovchilarning partiya bilan uzviy aloqalarini mustahkamlashni taqozo etmoqda.

Senat yalpi majlisida muhokama qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun shu maqsadga qaratilgan.

Qonun bilan tegishli hujjatlarga siyosiy partiyalarni moliyalashtirish, davlat mablag‘larining siyosiy partiyalar o‘rtasida taqsimlanishi tartibi, Qonunchilik palatasi deputatlarining, Senat a’zolarining va mahalliy vakillik organlari deputatlarining vakolatlarini muddatidan oldin tugatish asoslarini belgilash, shuningdek, o‘z vazifalarini va odob-axloq qoidalarini buzgani uchun ularga nisbatan tartibga solish choralarini aniqlashtirishni nazarda tutuvchi qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Qonun bilan jamiyat uchun muhim bo‘lgan va to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlaydigan qonunlar qabul qilinishida hamda jamiyatning rivojlanishiga qaratilgan muhim masalalar yechimida deputat va senatorlarning mas’uliyatini yanada oshirishga qaratilgan asoslar yaratildi.

Jumladan, «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va Senati a’zosining maqomi to‘g‘risida»gi qonunda deputat va senatorning vakolatlarini muddatidan ilgari tugatish asoslari kuchaytirildi.

Mazkur o‘zgartirishlarga muvofiq, deputat, Senatda doimiy asosda ishlovchi senator haq to‘lanadigan tegishli turdagi faoliyat bilan shug‘ullanishga yo‘l qo‘yilmasligi to‘g‘risida ogohlantirish olganidan keyin haq to‘lanadigan boshqa turdagi faoliyat (ilmiy, ijodiy va pedagogik faoliyatdan tashqari) bilan shug‘ullangan taqdirda; tegishli palata, siyosiy partiya fraksiyasi, o‘zi tarkibiga saylangan qo‘mita, komissiya faoliyatida bir kalendar yil ichida o‘ttiz yoki undan ortiq ish kuni uzrli sabablarsiz ishtirok etmagan taqdirda; chet davlatning doimiy yashash guvohnomasini yoki chet davlat hududida doimiy yashash huquqini tasdiqlovchi boshqa hujjatni olgan taqdirda; partiya ro‘yxati asosida saylangan deputat o‘zini deputatlikka nomzod etib ko‘rsatgan siyosiy partiya a’zoligidan chiqqan taqdirda deputat yoki senatorning vakolatlarini muddatidan ilgari tugatish uchun asos bo‘ladi.

Shuningdek, deputat yoki senator tomonidan o‘z vazifalarini va odob-axloq qoidalarini buzgani uchun bir qator choralar belgilandi. Xususan, ogohlantirish, tegishli majlislarda uzr so‘rashni talab qilish, tegishli qoidalar buzilishiga yo‘l qo‘yilgani faktini palata majlisida o‘qib eshittirish, ish haqidan ushlab qolish va deputat yoki senator vakolatlarini muddatidan ilgari tugatish kabi choralar qo‘llanilishi mumkin.

Senatorlar ma’qullagan qonun siyosiy partiyalar faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga hamda mustahkamlashga, deputatlar va senatorlarning o‘z vazifalarini bajarishda, kasbiy odob-axloq qoidalariga rioya etishda, shuningdek, ularning daxlsizlik huquqini to‘liq ta’minlashda shaxsiy mas’uliyatini oshirishga xizmat qiladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!